Milliy banklararo protsessing markazi (Humo) xususiylashtiriladi. Bu prezidentining 19-apreldagi iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorida nazarda tutilgan.

To‘lov tizimi davlat aksiyalari yoki aksiyalar paketlari ochiq kimoshdi savdosiga qo‘yilishi kerak bo‘lgan 247 ta kompaniya ro‘yxatiga kiritildi.

Prezidentning 30-noyabrdagi qarori bilan Markaziy bankning Bosh axborotlashtirish markaziga tegishli bo‘lgan Humo to‘lov tizimidagi davlat ulushi (100 foiz) to‘liq Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) ga o‘tkazilgandi.

O‘shanda Humo to‘lov tizimining Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazilishi xususiylashtirish bilan bog‘liq emas, deya ma’lum qilgandi agentlik “Gazeta.uz”ga. Ta’kidlanishicha, Markaziy bank balansida banklararo protsessing markazining mavjudligi manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkin.

Ma’lumot uchun, milliy to‘lov tizimi 2018-yil sentabr oyida yaratilgan. O‘shanda chakana to‘lovlarni qayta ishlash bo‘yicha davlat protsessing markazining mavjud emasligi milliy to‘lov tizimining xavfsizlik darajasini pasaytirishi, to‘lov infratuzilmasining yagona integratsiyalashuviga yo‘l qo‘ymaysligi va bitta monopoliya tizimining hukmronligiga olib kelishi ta’kidlangandi.

Humo o‘sha paytdagi yagona protsessing markazi — xususiy tuzilma bo‘lgan Uzcard dasturiy ta’minotidagi katta nosozlikdan keyin tuzilgan.