YouTube`ning o‘zbek segmenti uchun 2023-yil barakali keldi — videokontent yaratuvchilar soni ham, sifati ham sezilarli oshdi. Kontent ko‘paygach, tomoshabinda tanlov mashaqqati ham paydo bo‘ladi. Yil yakunida “Gazeta.uz” o‘zbek tahririyati shu mashaqqatni biroz bo‘lsa-da yumshatish maqsadida o‘zbekistonliklar tomonidan tayyorlangan YouTube-kontent bo‘yicha o‘z tavsiyalari bilan bo‘lishgan edi. O‘sha material kutilganidan ko‘ra katta qiziqishga sabab bo‘ldi, shu bois tahririyat YouTube’dagi o‘zbekistonlik kontent mualliflari tomonidan tayyorlangan videolarning oyma-oy sarhisobini berib borishga qaror qildi.

Quyida mushtariylar e’tiboriga havola etilayotgan videolar tahririyat tavsiyasi emas. Bunda so‘nggi bir yillik davrda aniq bir format ostida muntazam kontent e’lon qilib kelayotgan, muallifi o‘zbekistonliklar bo‘lgan o‘nlab YouTube loyihalardan ayrimlarining 2024-yil fevral oyidagi eng ko‘p ko‘rilgan bittadan videosi tanlab olindi. Ayni vaqtda, fursatdan foydalanib, “Gazeta.uz”ning o‘zbek va rus tahririyatlari tomonidan fevral oyida tayyorlangan videokontentni ham yana bir karra eslatib o‘tishni joiz deb bildik.

“Gazeta.uz” e’lon qilgan videolar

“Mifonomika”. budjet defitsiti xavfli emas

“Mifonomika” loyihasi turli soha vakillari bilan odamlar orasida iqtisodiyot haqida tarqalgan miflar va yanglish tasavvurlarni muhokama qilishga qaratilgan. Loyihaning 7-sonida iqtisodchi Mirkomil Xolboyev “budjet defitsiti xavfli emas” degan mif haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

“Oy materiali”. So‘rovnomalar va “Dok-1 Maks” sudidan reportajlar qanday tayyorlanadi?

“Oy materiali” podkastida “Gazeta.uz”da bir oy davomida e’lon qilingan materiallar orasidan tahririyat tanloviga ko‘ra eng yaxshisi tanlanib, uning mualliflari bilan materialni tayyorlash jarayoni va unga sig‘may qolgan jihatlar haqida gaplashiladi. 2024-yilning yanvar oyi yakunlari bo‘yicha “Oy materiali”da aniq bir maqola haqida emas, balki so‘nggi oylarda eng ko‘p ko‘rilgan va o‘qilgan materiallar — YouTube’da e’lon qilinayotgan so‘rovnomalar haqida Mirolim Isajonov va “Dok-1 Maks” ishi sudidan tayyorlangan reportajlar haqida Ziyoda Ramazonova bilan podkastlashildi.

O‘zbekistonning birinchi rahbarlarini suratga olgan Shonazar Ibrohimov bilan suhbat

1970−2006-yillarda O‘zA agentligi, “Toshkent binokori”, “Xalq so‘zi” gazetalarida fotojurnalist sifatida ishlagan Shonazar Ibrohimov nafaqat O‘zbekiston hayotining turli jabhalarini, balki Sharof Rashidov, Inomjon Usmonxo‘jayev, Rafiq Nishonov, Islom Karimov kabi O‘zbekistonning birinchi rahbarlari ish jarayonini ham kadrlarga muhrlagan. “Gazeta.uz” muxbiri Mirolim Isajonov 77 yoshli faxriy fotojurnalist Shonazar Ibrohimov xonadonida bo‘lib, u bilan suhbatlashdi.

“Nima o‘qiymiz?” Adabiyotshunos Akbar Nurmatov tavsiya qiladi

“Gazeta.uz” kitobxonlikni targ‘ib etishga qaratilgan “Nima o‘qiymiz?” loyihasi doirasida sara asarlar, o‘qilishi maqsadga muvofiq hisoblangan kitoblar ro‘yxati haqida olim, tadqiqotchi, yozuvchi-shoir, tarjimon, jurnalist va jamoat faollarining tavsiyalarini yetkazadi. Adabiyotshunos, filologiya fanlari nomzodi, dotsent, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Bosma OAV va noshirlik ishi fakulteti dekani Akbar Nurmatov loyihaning navbatdagi mehmoni bo‘ldi

“NOqulay shahar”. Shaharni yuqoridan qarab rejalashtirish kerak emas — urbanist Husan Mukimov

Toshkentdan sharqda 800 ming aholiga mo‘ljallangan Yangi Toshkent shaharchasi qurilishi kutilmoqda. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida davlat tomonidan yangi shaharlar qurilishi ko‘p kuzatilgan. Ayni vaqtda ular yo‘l qo‘ygan klassik xatolar Yangi Toshkentni qurishda e’tibor markazida bo‘lishi kerak. “NOQulay shahar” loyihasining navbatdagi sonida urbanist Husan Mukimov Yangi Toshkentni qurishga qanchalik zarurat bor yoki yo‘qligi, shaharni aslida kimlar qurishi kerakligi va davlat quradigan shaharda yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xatolar haqidagi savollarga javob berdi.

Rus tilida: Daraxtlarning kesilishi va qurilishlar allergiyaga qanday ta’sir qilyapti? Allergolog bilan intervyu

Yanvar oyi boshida Ekologiya vazirligi Toshkent shahrida havo ifloslanishi sabablarini e’lon qildi. Ular orasida daraxtlarning kesilishi ham bor. Xalqaro molekulyar allergologiya markazi direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Gulnora Jambekova O‘zbekiston poytaxtidagi ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari allergik kasalliklarning keng tarqalishiga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani haqidagi savollarga javob berdi.

Rus tilida: “Quyosh instituti”da ta’mir. Geliokompleks qanchalik o‘zgaradi?

Tez orada “Quyosh instituti”da katta ta’mirlash ishlari boshlanadi. Majmua binolarining fasad va derazalari yangilanadi, geliostatlardagi barcha oynalar almashtiriladi. Ish 2024-yil oxirigacha yakunlanishi kerak. Shundan so‘ng institut xalqaro tadqiqot markaziga aylantirilishi rejalashtirilmoqda. Institut direktori Odilxo‘ja Parpiyev geliokompleks ishida ta’mirlash ishlaridan keyin qanday o‘zgarishlar bo‘lishi haqidagi savollarga javob berdi.

Boshqa mualliflar e’lon qilgan videolar

Endi boshqa mualliflar e’lon qilgan videokontentlarga o‘tsak. Bunda, yuqorida qayd etilganidek, so‘nggi bir yillik davrda aniq bir format ostida muntazam kontent e’lon qilib kelayotgan, muallifi o‘zbekistonliklar bo‘lgan o‘nlab YouTube-loyihalardan ayrimlarining 2024-yil fevral oyidagi eng ko‘p ko‘rilgan bittadan videosi tanlab olindi.

“Lolazor”. Jahongir Ortiqxo‘jayev nimadan norozi?

“Lolazor” podkastining 11-sonida mualliflar tadbirkor va sobiq hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan proteksionizm, yopiq qarorlar bilan beriladigan imtiyozlar, hokimlikdan ketish sabablari, futbol, “Paxtakor” klubi va stadioni taqdiri, ekologiya, tadbirkorning xorijdagi mulklari, samolyoti va kemalari, Magic City bog‘ining sotilishi va shu kabi boshqa mavzularda suhbatlashdi. Sobiq hokim suhbat davomida jurnalist va blogerlarni tanqid qilib, ularning ayrimlarini UJJ — “uyushgan jinoiy jurnalistlar” deb atadi va ulardan “sal pastroqqa tushishni” va o‘zlarini “butun jamoatchilik” deb hisoblamaslikni so‘radi. Oy davomida “Lolazor”da siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bilan ham suhbat uyushtirildi.

Alter Ego. Rus tilida: “O‘zbek tilini yo bosqinchilar, yo ahmoqlar bilmaydi” — Sherzodxon Qudratxo‘ja bilan intervyu

Kirill Altman jurnalist, teleboshlovchi, siyosatshunos, siyosiy fanlar nomzodi, dotsent, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, Xalqaro press-klub raisi Sherzodxon Qudratxo‘jadan intervyu oldi. Suhbat oyning eng ko‘p shov-shuvli materiallaridan biriga aylandi. Intervyuda Sherzodxon Qudratxo‘ja O‘zbekistonda yashab, o‘zbek tilini bilmaydiganlar “bosqinchi” yoki “ahmoq” ekanini o‘zlari hal qilishi kerakligini ta’kidlagan. Shuningdek, u rossiyalik siyosatchilarning bayonotlariga jim turish mumkin emasligini qayd etib o‘tgan. Suhbat e’lon qilingach “Rossotrudnichestvo” Sherzodxon Qudratxo‘ja va uning tuzilmalari bilan aloqalarni uzishini bildirdi. O‘zbekistonning Moskvadagi elchisi esa Rossiya TIVga chaqirildi.

Kirill Altmanning loyihasida bu oyda yana bolalar ombudsmani Surayyo Raxmonova ham mehmon bo‘ldi. Bundan tashqari, narkotiklarlardan qanday saqlanish mumkinligi haqidagi ko‘rsatuv ham e’lon qilindi.

“Texnoplov”: Katta og‘a. Bizni qanday nazorat qilishadi?

Ushbu videoda istalgan odamning istalgan ma’lumotini topib olish mumkin yoki yo‘qligi haqidagi savollarga javo izlangan.

“Magnit”. Nega Marsga chiqqanlar undan qayta olishmaydi?

Odamzot nega Marsga intilaveradi? Agar qachondir insoniyat Qizil sayyoraga ko‘chib ketsa, uni nimalar kutadi? “Magnit” loyihasining 2-sonida shu kabi savollarga javob izlangan.

“NmaGap”. [SUHBAT] “Kuchimni ko‘chada ko‘rsatmayman!” — Bahodir Jalolov

“NmaGap” loyihasining bu sonida bokschi, Olimpiada va jahon chempioni Bahodir Jalolov mehmon bo‘ldi. Shuningdek, “NmaGap”ning fevral oyidagi sonlarida ko‘rish bilan bog‘liq muammolarga qaramay ijrochi-pianistlar orasida Italiya va Ispaniyada o‘tkaziladigan xalqaro tanlovlar g‘olibi Mirsaid Muxtorov va “o‘zbekning kichkina tabibi” — Dilshodbek Kattabekov ham qatnashdi.

“Kulgilektual shou”. Rasul Kusherbayev, Kunduziy, Rasul24, Islom Karimov va Nozim Safari

“Kulgilektual shou”da ishtirokchilar boshlovchining qiziqarli va mantiqiy savollariga to‘g‘ri yoki kulgili javob berishi talab etiladi. To‘g‘ri javob uchun 2 ball, kulgili javob uchun 1 ball beriladi. O‘yin davomida faol bo‘lib, eng ko‘p ball to‘plagan ishtirokchi esa pul mukofotiga ega bo‘ladi. Ko‘rsatuvning bu safargi sonida sobiq deputat Rasul Kusherbayev, bloger Kunduziy, komik Rasul24 va stendaper Islom Karimov mehmon bo‘lgan.

“Pakapak”. Samsung S24 ULTRA vs. iPhone 15 Pro Max — CAMERA BATTLE

Qaysi smartfonning kamerasi kuchliroq — Samsung S24 Ultra yoki iPhone 15 Pro Max?

102 tv. Hamid Sodiq: Jamiyat siyosiy uyg‘oq bo‘lishi kerak

Hamid Sodiq yana bir bor “102 tv” loyihasida mehmon bo‘ldi. Unda nima uchun jamiyat siyosiy jihatdan uyg‘oq bo‘lishi kerakligi haqida fikr almashilgan. Ushbu loyihada oy davomida bloger Kunduziy va xonanda Anvar Sanayev bilan ham suhbatlar e’lon qilindi.

“Fikr yetakchilari”. Nasiya savdo, dehqonlar Korzinka’ga kirishi, xalqaro ekspatlar, xususi marka yaratish — Zafar Hoshimov

Tadbirkor Hikmat Abdurahmonovning YouTube-kanalida berib borilayotgan “Fikr yetakchilari” podkastida bu safar tadbirkor Zafar Hoshimov mehmon bo‘ldi va u bilan nasiya savdo, xalqaro ekspatlar, xususiy marka yaratish haqida fikr fikr almashildi.

“Markaziy sektor”. Xayrulla Hamidov — yutqazsak ham penaltilar seriyasida yutqazaylik deb o‘tirdim

“Markaziy sektor” — yangi podkast-loyiha bo‘lib, uning 1-sonida futbol sharhlovchisi, jurnalist Xayrulla Hamidov mehmon bo‘ldi. Unda asosan O‘zbekiston milliy terma jamoasining Osiyo kubogidagi ishtiroki haqida gaplashilgan. Jurnalist Superliganing yangi mavsumiga klublarning yondashuvi borasida ham o‘z fikrlarini bildirgan, podkast oxirida O‘zbekistonning barcha davrlardagi ramziy terma jamoasini tuzdi.

“Ular”. Farhod Tolipov O‘zbekiston Rossiyaga qanday javob qaytarishi kerakligi haqida

“Ular” podkastining navbatdagi mehmoni siyosatshunos, “Bilim karvoni” nodavlat ilmiy-ta’lim muassasasi direktori hamda Vebster universiteti professori Farhod Tolipov bo‘ldi. Suhbatda axborot xurujlari, O‘zbekistonning tashqi siyosati, “ojizlik kompleksi”, Rossiyaning tajovuzkor diplomatiyasi hamda xalqaro siyosiy maydon haqida fikr almashilgan.

“U kim edi?” 24 yoshida davlatni boshqargan O‘zbekiston asoschisi | Fayzulla Xo‘jayev

Bloger Nurbek Alimov o‘zining “U kim edi?” loyihasida bu safar Fayzulla Xo‘jayev shaxsiyatini yaqindan tanishtirishga harakat qilgan. Bundan tashqari, fevral oyida Nurbek Alimov Mussolini shaxsiyati haqida ham video e’lon qilgandi.

“Qurultoy”. Amir Temur diplomatiyasi: elchilar va ayg‘oqchilar, Klavixo va Boyazid Yildirim

“Qurultoy” loyihasining navbatdagi sonida Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi Sanjar G‘ulomov mehmon bo‘ldi. Loyiha mualliflari mehmon bilan Amir Temur faoliyatining kam muhokama qilingan jihatlari, uning diplomatik faoliyati haqida suhbatlashdi. Bundan tashqari, fevralda loyihaning Turkiston armiyasi, Ubaydullaxon, Usmon Yusupovga bag‘ishlangan sonlari ham e’lon qilindi.

“Asoschilar Podkast”. Eng yaxshi investitsiya — bilimga qilinganidir

Turli loyihalar asoschilari bilan suhbatlashiladigan “Asoschilar” podkastining navbatdagi sonida “Thompson School” ta’lim markazi asoschisi Shahzod Bahodirov bilan fikr almashilgan.

“Ucast”. Rus tilida: Hammasi O‘zbekistondagi e-commerce va marketpleyslar haqida. Uzum Market bosh direktori Ilshat Hametov

Elektron tijorat o‘zbekistonliklar hayotiga dadil kirib keldi. “Ucast” loyihasi mehmoni bo‘lgan Uzum Market bosh direktori Ilshat Hametov O‘zbekistonda onlayn chakana savdo qanday ishlayotgani, nima uchun Uzum Market kompaniya rivoji uchun 100 mln dollardan ziyod mablag‘ sarflagani, kontrafakt mahsulotlar va unga qarshi kurash, 2024-yil rejalari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Sigma Podcast. O‘zbekcha marketing sirlari. Shaxrux Nizamutdinov

“Sigma” podkastida mehmon bo‘lgan tadbirkor, marketolog, kreativ direktor Shaxrux Nizamutdinov sun’iy idrokning marketingga ta’siri, O‘zbekiston bozorida marketingga bo‘lgan talab, ish boshlashda ko‘pchilik yo‘l qo‘yadigan xatolar haqida gapirgan.

Uzbekonomics. Proteksionizm (yana), o‘zbekistonlik ishchilarga viza masalasi va ekologiya (yana) haqida

Iqtisodchilar Behzod Hoshimov va Botir Qobilov proteksionizm va ekologiya mavzularini, shuningdek, o‘zbekistonlik ishchilarga viza berilishi masalasini muhoka qildi.

“YouTube O‘zbekiston”. YouTube’da internetni portlatgan videoning siri — “Nurli Media”

“YouToube O‘zbekiston” kanalida salkam yarim million obunachiga ega “Nurli Media” loyihasi muallifi Erkin G‘aybullayev bilan intervyu e’lon qilindi. Unda bunday katta auditoriya qanday to‘plangani, qaysi platformalarda kontent tayyorlab pul topish mumkinligi, o‘zbek tilida aynan qaysi yo‘nalishlarda kontent tayyorlash kerakligi, “Nurli Media”ning o‘zi qancha daromad topishi haqidagi savollarga javoblar berilgan.

“Quduq”. Buzilayotgan Toshkent yoxud Chingizxon farishtami? Eldar Asanov va Bektosh Xatamov

Tilshunos, jurnalist va bloger Eldor Asanov “Quduq” loyihasida O‘zbekistondagi ilmiy ishlar, alifbo masalasi, buzilayotgan Toshkent, plagiat, jurnalistlarning prezidentga murojaati kabi masalalalar yuzasidan fikrlari bilan bo‘lishdi.

“Aslida”. Ibrohim G‘afurov bilan

Mehrinoz Abbosova o‘zining “Aslida” loyihasida taniqli tarjimon, O‘zbekiston qahramoni Ibrohim G‘ofurov bilan suhbatlashdi.

“Qo‘shtirnoq Podkast”. Nega abituriyentlarning ko‘rsatkichlari pasaymoqda?

“Qo‘shtirnoq Podkast”ning bu sonida 10 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lgan repetitorlar abituriyentlarning kirish imtihonlaridagi o‘rtacha ballari nima uchun yildan yilga pasayib ketayotgani, oilaviy muhitning o‘qishga ta’siri, tarbiya qayerda berilishi kerakligi, pullik maktab g‘oyasi haqida fikr almashdi.

“Olmoniston”. Ukrainaga rus bosqini, integratsiya va Olmoniyadagi hayot

Loyihaning 5-sonida ko‘p yillar Ukrainada yashab ishlagan, Rossiya bosqini oqibatida oilasi bilan birga Ukrainani tark etishga majbur bo‘lgan va hozirda Germaniyada istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik Egamberdi Tursunov mehmon bo‘ldi. Shuningdek, fevral oyida e’lon qilingan yana bir sonda Germaniyaning Bavariya okrugida agronomiya sohasida faoliyat yuritib kelayotgan ikki o‘zbekistonlik — Sanjar Mahkamov va Ismoil Jo‘rayevlar bilan qishloq xo‘jaligi, fermerlar va klaster tizimi haqida suhbatlashildi.

“Book.uz”. Ijodkorni dahoga aylantirgan ayol. Ibrohim G‘afurov, Xurshid Do‘stmuhammad

“Book.uz” o‘zining YouTube-kanalida Anna Dostayevskayaning “Xotiralar” asari haqida tarjimon, O‘zbekiston qahramoni Ibrohim G‘afurov va yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammadning o‘zaro suhbatini e’lon qildi.

“Archemistry Urban”. Toshkent ko‘chalarida piyoda yursa bo‘ladimi? Mirzo Zominiy bilan piyoda suhbat

Urbanist Iskandar Soliyev o‘zining Archemistry Urban loyihasi doirasida bloger Mirzo Zominiy bilan Yunusobod ko‘chalarini aylandi va umuman Toshkentda piyodalar harakati davomida duch keladigan muammolarni ko‘rsatib o‘tdi. Iskandar Soliyev o‘tgan oyda huddu shu formatda O‘rik guli tahallusi bilan tanilgan ekobloger Mo‘tabar Xushvaqtova bilan ham suhbatlashdi.

Siz-chi, qaysi loyihalarni kuzatib borasiz?

Keyingi sarhisobda yana qaysi loyihalar e’tiborga olinishi kerak deb o‘ylaysiz? Bu haqda Telegram’dagi botimiz orqali bizga yozing: @GazetauzFeedbackBot.