O‘zbekiston ijro hokimiyati organlari Yangi Toshkent shahri hududiga ko‘chiriladi. Bu prezidentning 19-apreldagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan.

Prezident bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi muvofiqlashtiruvchi kengashga respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini Yangi Toshkent shahri hududiga ko‘chirish, ularning ma’muriy binolaridan samarali foydalanish va ularni sotishdan tushadigan mablag‘larni ushbu hududda ma’muriy binolarni barpo etishga yo‘naltirishga qaratilgan taklifni uch oy muddatda kiritish yuzasidan topshiriq berdi.

2023-yil mart oyida prezident Yangi Toshkent qurilishi boshlanganini bildirgan kapsulani qo‘ygandi. Shaharda 1 million kishi yashashi kutilmoqda.

U yerda davlat idoralari, oliy o‘quv yurtlari va boshqa obyektlar joylashishi ta’kidlangan. Hozirda vazirlik va idoralar joylashgan binolar o‘rnida mehmonxonalar, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari ochilishi rejalashtirilgan. “Toshkent zamonaviy turizm va biznes markaziga aylanadi”, — dedi davlat rahbari.

sentabr oyida davlat rahbari Britaniyaning Cross Works kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Toshkent va Yangi Toshkent qo‘shma loyihasini ma’qullagandi. “Ha, biz uni Yangi Toshkent deymiz, lekin ertaga u ham eski Toshkentni yangilashi kerak. Ular bir qon, bir arteriyaga aylanishi kerak”, — degan qurilish direksiyasi rahbari Davronjon Odilov.

Prezident “Yangi Toshkent” loyihasini boshlash muhimligini, aks holda, besh yildan keyin “poytaxtda odamlar yashay olmasligini” aytgandi.