26-aprel kuni Toshkent shahri hokimligida o‘tgan matbuot anjumanidan so‘ng OAV vakillari shahar hokimi Shavkat Umurzoqovga poytaxt hayotiga oid qator savollar bilan murojaat qildi. Hokim Toshkentdagi yo‘llarning bugungi ahvoli haqidagi savolga javob berarkan, bu masalani hal qilish uchun 500 million dollarlik loyiha ishlab chiqilganini ta’kidlab o‘tdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

“Hozir 36 ta koridor uchun katta dastur bor, bu — 450 kilometr. Bunga katta mablag‘ talab etiladi: taxminan 500 million dollardan oshadi. Hozirgi yo‘llarni oldingidek faqat asfalt qilishimiz noto‘g‘ri. Sababi mashina soni besh yil oldin 400 mingta bo‘lgan bo‘lsa, hozir 800 mingta. Bugungi kunda asosiy 36 ta koridorga loyihalar tayyorlangan, ularni moliyalashtirish manbasini ishlab chiqyapmiz. Bu davlat-xususiy sherikchilik yoki har xil grantlar [asosida amalga oshirilishi mumkin]. Chunki [loyiha talab etayotgan] summa juda katta. [Yo‘llarni] faqat asfalt qilib qo‘ysak, pulni uvol qilgan bo‘lamiz. O‘sha [dasturni] ishlab chiqish doirada asfaltlash ishlarini boshlaymiz”, — dedi poytaxt hokimi.

Uning qayd etishicha, Toshkent yo‘llarini sifatli holatga keltirish jarayoni muntazam davom etishi kerak.

“Aholi soni [poytaxtda yiliga] 100 ming nafarga oshyapti. 1,5−2 million kvadrat metr [maydonda] „jilyo“ qurilyapti, maktab, bog‘cha, infrastruktura, gaz, elektr, suv, yo‘l… hammasini teng ko‘tarib borishimiz kerak. Hozirgi kunda tirbandlik [hosil bo‘lishiga] katta ta’sir qilayotgan narsa — chorrahalar. Bizning birinchi maqsadimiz, tirbandlikni yana ham kuchaytirib yubormaslik uchun maktab va bog‘chalardagi o‘quvchilar ta’tilga chiqqanida 30 ta eng katta tirbandlikni keltirib chiqarayotgan chorrahalarni to‘g‘rilaymiz. Bu birinchi bosqichda qilinadi va ancha tirbandlik [muammosini] yechadi. Shu bilan biz kuzga kirib boramiz, keyin yana tayyorlanamiz. Buni orasida avtoturargohlar va boshqa masalalar ham ko‘rib chiqiladi”, — dedi u.

“Yuqorida 450 kilometr yo‘l haqida gapirdim. Bu mavjudi va biz yana qo‘shimcha 150−200 kilometr yo‘lni ochishimiz kerak. Shu orqali jamoat transportiga ustuvorlik berishimiz kerak. Bugungi kunda „mikromobilnost“ (mikromobillik — soatiga 25 km dan past tezlikda ishlaydigan va foydalanuvchilar tomonidan shaxsan boshqariladigan bir qator kichik, yengil transport vositalaridan foydalanish — tahr.) degan narsa bor. Odamlarni samokat, velosipedlarda yurishga o‘rgatishimiz kerak, bularning hammasini bir-biri bilan uzviy bog‘lashimiz kerak. Shuningdek, chorrahalar masalasi doirasida bekatlarni ham to‘g‘rilashni boshlaymiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Jurnalistlar hokimga bir yil avval bekatlarni tartibga solish haqida aytgan va’dasini eslatdi.

“Men bir yil oldin hokim bo‘lgan paytimda bekat nimaligini tushunmasdim. Men [ungacha] yurist, injener bo‘lganman. Mana, endi hokim bo‘ldim va hammasini hisob-kitob qilib yuraman. Biznes reja, moliyalashtirish degan narsalar bor. Bir yil oldin [va’da] berganimda xayolimda shunaqa bo‘lgan-da, men o‘ylardimki, yo‘llar asfalt bo‘lsa, yaxshi bo‘lib qoladi, nega bunday tirbandliklar bo‘lyapti, derdim. Buning orqasida katta ilm yotgan ekan. Rossiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon kabi davlatlarda [tirbandlik] muammosini yechgan bir qancha mutaxassislarni olib kelib, ishga oldim. Hozir ular loyihalar ishlab chiqib, tugatay deb qoldi, yaqin kunlarda tugaydi. Keyin chorrahalarni ham, avtobuslar [masalasi]ni ham ilm yo‘li bilan hal qilyapmiz”, — deya izoh berdi Shavkat Umurzoqov.

Toshkent shahri hokimi OAV bilan muloqotda, shuningdek, Qodiriy va Do‘stlik bog‘larining ijaraga berilishini izohladi va bog‘larga davlat menejer bo‘lmasligi kerakligini aytdi. “Butun dunyoda shunaqa. Yashil hududning kvadrat metrini saqlash 20−50 dollar turadi — bu davlat budjeti uchun katta yuk”, — dedi u.