Ramazon oyida musulmonlar orasida ro‘za tutishga oid savollar paydo bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati bu mavzuda ko‘p uchraydigan savollarga javob berib keladi. “Gazeta.uz” ularning ayrimlarini matn va video shaklida taqdim etadi.

Agar Ramazon ro‘zasini tutib, farz namozlarni o‘qimasak, bunga dinimizda qanday qaraladi?

Javob: Komil musulmon — Islomning farzlariga to‘liq amal qiluvchi kishidir. Zero, dinimiz beshta asos ustiga bino qilingan.

Bu haqda Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Islom besh narsa ustiga qurilgandir: “Allohdan o‘zga iloh yo‘qligi va Muhammad Allohning elchisi ekaniga guvohlik berish, namozni qoim qilish, zakot berish, Baytullohni haj qilish, Ramazon ro‘zasini tutish” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Ushbu hadisi sharifda namoz va Ramazon ro‘zasi bir qatorda zikr qilinmoqda. Umuman olganda, namoz va ro‘za alohida-alohida ibodatlar bo‘lganidan namoz o‘qimagan kishi ham ro‘za tutishi mumkin. Lekin o‘rni kelganda namozni qadri juda yuksak ekanini, uni tark qilish katta gunohligini eslatib o‘tamiz. Namoz har bir balog‘atga yetgan, aqlli kishiga farzi ayndir. Qiyomatda ham birinchi so‘raladigan amaldir. Har kuni besh marta takrorlangani sababli, namozni tark qilgan kishi bir kunda besh marta katta gunoh ish qilgan bo‘ladi. Vallohu a’lam.

Avval og‘iz ochiladimi yoki shom namozi o‘qiladimi?

Javob: Dinimizda iftorlikni tezlashtirishga targ‘ib qilingan, og‘iz ochishni qasddan shom namozidan keyinga surish sunnatga xilofdir. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odatda avval og‘iz ochib, keyin shom namozini ado etar edilar.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namoz o‘qishdan oldin og‘zilarini ho‘l xurmolar bilan ochardilar…” (Imom Abu Dovud rivoyati).

Demak, ro‘zador shom namozining vaqti kirishi bilan og‘zini ochib, chanqog‘ini qondirib olgandan keyin shom namozini ado etishga kirishishi maqsadga muvofiq ekan. Iftorni tezlatish afzalligi borasida hadisi sharifda bunday deyilgan: Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Insonlar og‘iz ochishni tezlashtirsalar, yaxshilikda bardavom bo‘ladilar”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisida Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh azza va jalla bunday dedi: “Bandalarimning menga eng suyuklisi, ularning tezroq og‘iz ochganlaridir”, dedilar (Imom Ahmad, Imom Termiziy rivoyati).

Ushbu hadislardan kelib chiqib, fuqaholarimiz quyosh botishi bilan namozdan oldin og‘iz ochish mustahabdir, deganlar (“Raddul muhtor”). Ushbu hukm barcha farz va nafl ro‘zalarning barchasiga tegishlidir. Bu borada vorid bo‘lgan hadislar farz ro‘zalarga xoslangan emas.

Tahorat qilmasdan ro‘za tutsa qabul bo‘lmaydimi?

Javob: Aslida ro‘za tutish uchun tahorat shart qilinmaydi. Tahoratsiz ham ro‘za tutsa bo‘laveradi. Lekin tahoratda boshqacha bir barokat bor. Tahoratli holda qilingan duolar ijobat bo‘lishga yaqinroq bo‘lishi mumkin. Shuning uchun imkon qadar ro‘zador odam tahoratli bo‘lib yurishga harakat qilishi kerak.

Ramazonda saharlikka uxlab qolgan kishi uyg‘onganidan keyin suv ichib, niyat qilib ro‘zani davom ettirsa bo‘ladimi?

Javob: Ramazonda saharlikdan uxlab qolgan odam, o‘yg‘ongach oz bo‘lsa ham biror narsa yeb-ichib, ro‘zani niyat qilaman desa, niyati ham o‘sha kuni tutadigan ro‘zasi ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Ramazon oyida saharlikka uxlab qolgan odam, uyqudan turgach, ro‘zani buzadigan (ya'ni, yeb-ichish, er-xotinlik aloqasi kabi) ishlarni qilmasdan, shu kungi ro‘zani tutishni niyat qiladi. Bunday niyatni toki quyosh tikkaga kelgungacha qilish mumkin.

Saharlikka hech narsa yemasdan og‘iz yopish mumkinmi?

Javob: Mumkin. Saharlikka hech narsa yemasdan ham niyat qilib olib, og‘izni yopish mumkin. Lekin bu xilofi sunnat — sunnatga xilof ish bo‘lib qoladi. Chunki saharlik qilish, saharlikda baraka borligi haqida juda ko‘p hadislar bor. Bunday holatda hech bo‘lmasa bir qultum bo‘lsa ham suv ichib olinsa, hadislarga, sunnatga amal qilingan bo‘ladi.

Junub holatda saharlik qilsa bo‘ladimi?

Javob: Saharlik vaqti tugashiga oz qolgan bo‘lsa, junub kishi og‘zi, burnini yaxshilab chayib, saharlik qiladi. Subhi sodiq kirganidan keyin g‘usl qilaveradi. Junub holatda ro‘zani boshlash ro‘zaga putur yetkazmaydi.

Ro‘zador inson g‘arg‘ara qilsa bo‘ladimi?

Javob: Bundan qaytarilgan. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) tahorat olish, g‘usl qilish vaqtida og‘izga, burunga suvni chuqur olib, g‘arg‘ara qilishga buyurganlar, illo ro‘za paytida bunday qilmaysan, deganlar. Demak, ro‘za paytida xoh g‘usl qilinsin, xoh tahorat qilinsin, g‘arg‘ara qilib, mubolag‘a bilan chayilmaydi. Chunki suvning dimog‘dan yoki tomoqdan ichkariga o‘tib ketish xavfi bor, o‘tib ketsa ro‘za buzilib qoladi.

Ro‘zador inson saqich chaynasa bo‘ladimi?

Javob: Ro‘zador kishi saqich chaynashi makruh. Bu ichiga saqich ketmagan holatda. Ichga ketsa ro‘za buziladi.

E’tiborli tomoni fiqh kitoblarimizda aytilgan saqichlar hozirgi zamonaviy saqichlardan farq qilgan. Ya’ni, zamonaviy saqichlarning ta’mi, shirasi juda o‘tkir. Ularni yutilib ketish ehtimoli ham ancha yuqori. Shu sababli ro‘zani buzilishiga olib boradigan ishlardan qochish kerak, jumladan, saqich chaynashdan ham. Vallohu a’lam.

Ro‘zador kishi so‘lagini yutsa bo‘ladimi?

Javob: Ro‘zador so‘lagi (tufugi)ni yutishi bilan ro‘za ochilmaydi. Ro‘zador og‘zida tufugini yig‘ib keyin yutib yuborsa, ro‘zasi buzilmaydi. Qasddan so‘lagini og‘zida to‘plab yutish esa makruh bo‘ladi.

Ba’zan kishi ro‘zaligini unutib, bilmay ovqat yeb qo‘yishi yoki suv ichib qo‘yishi mumkin. Bunda ro‘za buziladimi?

Javob: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Agar qay biringiz unutib yeb-ichib qo‘ysa, ro‘zasini kamoliga yetkazaversin. Uni Alloh yedirib-ichiribdi”. Ya’ni, kim ro‘zaligini unutib, ul-bul narsa yeb yoki ichib qo‘ysa, ko‘ngli xijil bo‘lmasin va ro‘zasini tutishda davom etsin. Demak, uni Alloh taolo mehmon qilibdi.

Ko‘z yoshi yoki yuzdan oqqan ter og‘iz ichiga kirsa, ro‘zaga ta’sir qilmaydimi?

Javob: Buning holatiga qaraladi. Bir-ikki tomchi bo‘lsa, bu bilan ro‘za buzilmaydi. Lekin ko‘p bo‘lib, hatto ko‘z yoshni yoki terning ta’mini his qiladigan darajada bo‘lsa, ro‘za buziladi.

Ro‘zador kishining og‘ziga yomg‘ir yoki qor parchasi kirsa, ro‘za buziladimi?

Javob: Ro‘zador kishining og‘ziga beixtiyor yomg‘ir tomchilari yoki qor parchalari kirib, tomog‘idan o‘tsa, ro‘zasi buziladi va qazo ro‘za tutishi vojib bo‘ladi.

Bu haqda Hanafiy fiqhiy manbalarimizda shunday deyiladi: “Ro‘zadorning tomog‘iga ko‘z yoshlari, ter tomchilari, burnidan oqqan qon, yomg‘ir yoki qor yetsa, ro‘zasi buziladi. Chunki gohida og‘izni ochib, gohida yumib, tomoqqa yuqorida sanalgan narsalar ketishidan saqlanish oson. Agar mazkur narsalarni bilib turib yutsa, kafforat vojib bo‘ladi” (“Bahrur roiq” kitobi).

“Yomg‘ir va qor (tomoqdan o‘tsa ro‘zani buzishi) haqida ulamolar ixtilof qilishgan, to‘g‘rirog‘i ro‘zani buzadi. Chunki undan chodir yoki boshqa boshpana yordamida saqlanish mumkin"(“Inoya sharhul hidoya” kitobi).

“Yomg‘ir va qor ro‘zadorning tomog‘iga kirsa, ro‘zasini buzadi. Bu sahih qavldir. „Zahiriya“ kitobida shunday kelgan” (“Fatovoi hindiya” kitobi). Vallohu a’lam.

Ro‘zador saharlikda iste’mol qilgan ozuqasi og‘iz yopilgandan so‘ng kekirganda tomoq yo‘li orqali og‘ziga qaytib chiqsa va uni qayta yutsa, ro‘zasi buziladimi?

Javob: Ro‘zador qasddan qayt qilmasa ro‘zasi ochilmaydi. Agar qasddan, o‘zini-o‘zi qayt qildirsa, ro‘za ochiladi. Bunga quyidagi hadis dalildir:

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: „Kim ro‘zador bo‘lsayu, unga qayt g‘olib kelsa, qazo qilish vojib emas. Agar o‘zi xohlab qayt qilgan bo‘lsa, qazo tutsin“, deganlar” (Imom Termiziy rivoyati).

Agar qayt ro‘zadorning ixtiyorisiz o‘zi yutilib ketsayu, qaytning miqdori og‘iz to‘ladigandan oz bo‘lsa ro‘za buzilmaydi.

Bu haqda Imom Saraxsiy rahimahulloh shunday deydilar: “Qayt ro‘zadorga g‘olib kelsayu, og‘iz to‘lmaydigan miqdorda qayt qilsa va behosdan yutilib ketsa uning ro‘zasi buzulmaydi. Bunga ulamolar ittifoq qilishgan” (“al-Mabsut”).

Agar qaytning miqdori og‘iz to‘ladigan darajada ko‘p bo‘lsa va o‘zi behosdan yutilib ketsa Imom Abu Yusuf (r.a.)ga ko‘ra ro‘za buziladi va qazo vojib bo‘ladi. Imom Muhammad (r.a.)ga ko‘ra esa ro‘za buzilmaydi. Ro‘zador ushbu holatda qaytni yutmaslikka imkoni bor bo‘la turib, yutib yuborsa uning ro‘zasi buzilishiga ulamolarimiz ittifoq qilishgan.

Qaytda og‘iz to‘lish miqdori borasida ham ulamolarimiz turli qarashlarni aytib o‘tishan. Jumladan, Burhoniddin ibn Moza al-Buxoriy bu haqda shunday deganlar:

“Qaytda og‘iz to‘la bo‘lishining chegarasi uni og‘izda ushlab tura olmaslik bilan belgilanadi. Ba’zi o‘rinlarda esa uni “Og‘izdan chiqarib tashlashdan boshqa chora qolmagan"lik bilan izohlangan. Faqih Abu Ja’far Hinduvoniy: “Qaytda og‘iz to‘lishi — u bilan kishi gapira olmay qolishi bilan o‘lchanadi” degan” (“al-Muhiytul Burhoniy”). Vallohu a’lam.

Ro‘zador inson tish pastasidan foydalansa bo‘ladimi?

Javob: Ro‘zador kishi tishlarini tozalashda tish pastalaridan foydalanishi makruh sanaladi. Agar pastadan hosil bo‘lgan ko‘piklarni yutib yuborsa, ro‘zasi ochiladi. Chunki pasta bilan tish tozalash biror narsani tatib ko‘rishga o‘xshaydi.

Fiqhiy kitoblarimizda bunday deyilgan: “Ro‘zador biror narsani tatib ko‘rsa, ro‘zani ochuvchi surat va mohiyat topilmagani uchun ro‘za ochilmaydi. Lekin bunday qilish makruh hisoblanadi. Chunki bunda ro‘zani buzuvchi omilga yaqin keltirish bor” (“Hidoya”).

Shunga ko‘ra ko‘pchilik zamonamiz ulamolari ro‘zador holda tish pastasidan foydalanmaslikni balki, uni saharlikdan avval yoki iftordan keyinga qoldirishni tavsiya etadilar. Zero, ibodat masalasida ehtiyotini olish afzal sanaladi.

Qolaversa, Ramazon oyining kunduzlari tishlarni toza saqlash uchun misvokdan foydalanish ham mumkin. Chunki misvok ishlatish bilan ro‘za ochilmaydi. Bunga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ro‘zador hollarida undan ko‘p marta foydalanganlari dalil bo‘ladi.

Omir ibn Rabiy’a roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ro‘zador hollarida misvok qilayotganlarini sanab sanog‘iga, hisoblab adog‘iga yeta olmaydigan darajada ko‘p ko‘rganman” (Imom Ahmad rivoyati).

Bunda, milklar qonasa yoki og‘izga suv to‘plansa, yutib yubormaslik shart qilinadi.

Ro‘zador kishining tobi qochsa, unga ukol qilish mumkinmi?

Javob: Imomi A’zam (rahmatullohi alayh) hazratlari tanaga bir narsa kirishi bilan ro‘za buziladi, deganlar. Shuning uchun ro‘zador ukol olsa, ro‘zasi buziladi.

Agar o‘ta zarurat bo‘lmasa, ukolni iftorlikdan keyin yoki saharlikdan oldin qildirib olgani ma’qul. Lekin ro‘za tutganida sog‘ligi yomonlashgani tufayli ukol olmasa, hayoti xavf ostida bo‘lsa, ukol olib, ro‘zasining qazosini Ramazon tugaganidan keyin tutib beradi.

Ro‘zador zont yutishi mumkinmi?

Javob: Oshqozon tekshiruv moslamasi (zont) deganda — og‘iz orqali yutilib, bir uchi tashqarida qolib, ikkinchi uchi oshqozonga yetib boradigan tibbiy qurilma tushuniladi. Ushbu moslamadan asosan oshqozonni tasvirga olish va undagi kasallikka tashxis qo‘yish uchun foydalaniladi. Tashxis amaliyoti tugaganidan so‘ng mazkur moslama og‘iz orqali qayta chiqarib olinadi.

Bemor ro‘zador holida oshqozon tekshiruv moslamasi (zont)ni quruq holida yutsa, unga yog‘ yoki biror dori vositasi surtilmagan bo‘lsa — bu uning ro‘zasini buzmaydi. Chunki hanafiy mazhabining umumiy qoidasiga ko‘ra qorin qismi (javf)ga kirgan narsa u yerda o‘rnashib qolsagina ro‘zani buzadi. Bu haqda Imom Kosoniy bunday deydilar: “Ichkariga kirgan narsaning o‘sha yerda o‘rnashib qolishi ro‘za buzilishining shartidir” (“Badoyi'us Sanoyi'”).

Fiqhiy manbalarimizda ushbu qoidaga quyidagi holatni misol qilib keltirilgan: “Agar biror taomga ip bog‘lab halqumidan o‘tkazsa (ya'ni yutsa), ipning boshqa tarafi qo‘lida qolsa, ro‘za ochilmaydi. Ip uzilib ketsa ro‘za ochiladi” (“Bahrur-roiq”).

Demak, oshqozon tekshiruv moslamasining bir uchi tashqarida qolib, to‘liq ichkariga kirmagani hamda oshqozonda o‘rnashmagani sababli ro‘zani ochmaydi.

Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish lozimki, yuqorida aytib o‘tilganidek zont yutish jarayonida unga yog‘ yoki dori surtilmagan, quruq holatda bo‘lishi lozim. Aks holda ro‘za ochiladi. Voqelikda esa yog‘ surtilmagan holda zont yutish bemor uchun katta mashaqqat tug‘diradi. Ba’zan moslama uchidagi tasvirga olish qurilmasini oshqozonga suv yuborish orqali tozalab turish zarurati paydo bo‘ladi. Suvning ichkariga kirishi bilan shubhasiz ro‘za buziladi.

Zont orqali oshqozonni tekshirish asnosida yuqoridagi kabi noqulayliklar kelib chiqadigan bo‘lsa, bemor shariatning umumiy ruxsatidan foydalanib, o‘sha kungi ro‘zani Ramazondan keyin bir kun tutib berishi mumkin.

Oshqozonida yarasi bor odam ro‘za tutishi farzmi yoki fidya berib yursa xam buladimi? Umuman olganda, ro‘zaning fidyasini kimlar beradi?

Javob: Fidya — kishi zimmasidagi narsani ado qilish maqsadida mol yoki shunga o‘xshash narsani berishidir. (“Lisonul arab”).

Shariatimiz ikki toifa kishilarni ro‘za tutmasliklariga ruxsat berib, o‘rniga Ramazonning har bir kuni uchun fidya berishga buyurgan.

Birinchisi: Qarilik sababli umuman ro‘za tutishga yaramaydigan, kundan-kunga jismonan zaiflashib borayotgan yoshi ulug‘ keksalar;

Ikkinchisi: Surunkali kasal bo‘lib, odatda tuzalishiga umid bo‘lmagan va ro‘za tutish ularning salomatligiga jiddiy ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan bemorlar. (“Bahrur roiq”).

Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qilgan: “(Ro‘za tutishga) madori yetmaydiganlar zimmasida bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi fidyadir. Kimki ixtiyoriy ravishda ziyoda xayr qilsa (lozim bo‘lganidan ortiq fidya bersa), o‘ziga yaxshi. Agar bilsangiz, ro‘za tutishingiz (fidya berib tutmaganingizdan) yaxshiroqdir” (Baqara surasi, 184-oyat).

Fidya — Alloh taolo bandalariga bergan yengillikdir. Har kunlik fidyaning miqdori yarim so' bug‘doy (taxminan ikki kilogramm) yoki bir so' xurmo yohud bir so' arpadir. Bularning qiymatini berish bilan ham fidya ado bo‘ladi. Har yili Ramazon oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati tomonidan fidyaning o‘rtacha miqdori belgilanib, e’lon qilinadi. 2024-yil uchun fidya va fitr sadaqasining miqdori bir xil bo‘lib, quyidagicha belgilandi:

Bug‘doydan
14 ming so‘m
Arpadan
20 ming so‘m
Mayizdan
110 ming so‘m
Xurmodan
180 ming so‘m


Har kim o‘z imkoniyatiga qarab, ushbu to‘rt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr va fidya miqdorini ajratishi mumkin.

Fidyani Ramazon oyi kirishidan oldin berilmaydi. Oy kirishi bilan xohlasalar, o‘ttiz kunlik ro‘zaning fidyalarini birdaniga jamlab beradi, xohlasalar har kuni bo‘lib-bo‘lib to‘lab beradi. (“Fatovoyi Hindiya”).

Ro‘za fidyasini bir kishiga ham yoki bir necha kishiga ham berish mumkin. (“Raddul muhtor”).

Fidyani miskin, faqir, beva-bechora, yetim-yesir, nochor va zakot berishga qodir bo‘lmaganlarga beriladi. Ammo otasi, onasi, farzandlari, nabiralari, eri, xotini va zakot berishga qodir bo‘lganlarga berishi joiz emas.

Fidya berib yurgan qariya yoki surunkali bemorlar ro‘za tutishga qodir bo‘lib qolishsa, bergan fidyalari bekor bo‘lib, tutmagan ro‘zalarining qazosini tutishlari vojib bo‘ladi. (“Raddul muhtor”).

Ro‘za tutishga yaraydigan qariyalarga esa ro‘za tutish farz bo‘ladi. Ro‘za tutishga qodir bo‘la turib fidya bersalar, ro‘za ulardan soqit bo‘lmaydi va fidyasi o‘z o‘rniga tushmaydi. (“Raddul muhtor”).

Tuzalishiga umid bor, odatda, ma’lum vaqtdan keyin shifo topadigan bemorlarga ro‘za tutish zarar qilsa, bularning ham ro‘za tutmasliklariga shariatimiz ruxsat beradi. Ammo bular fidya bermaydilar. Tuzalganlaridan keyin qazo bo‘lgan kunlarning ro‘zasini tutib beradilar.

Afsuski, hozirgi kunda Ramazon oyida bemor bo‘lib, tuzalgandan keyin qazosini tutib berishga layoqati bo‘lgan ba’zi kishilar bemorliklarida ro‘zaning fidyasini berib qo‘yib, tuzalganlaridan keyin “Myen qazo bo‘lgan ro‘zalarimni tutmayman, chunki men fidyasini berganman” demoqdalar.

Vaholanki, shariatimiz fidya berishni ularga buyurmagan, balki tuzalganlaridan keyin qoldirgan ro‘zalarining qazosini tutib berishlarini farz qilgan.

Ro‘za paytida xotin-qizlar atir-upadan foydalanishlari mumkinmi? Undan foydalanganida ro‘za ochilib ketmaydimi?

Javob: Ro‘za ochilmaydi, chunki bu ro‘zani buzuvchi amallar sirasiga kirmaydi.

Ro‘zador odam sochini olsa bo‘ladimi?

Javob: Ro‘zador vaqtida soch olishning ro‘zaga, hatto tahoratga ham ta’siri yo‘q. Ro‘za biror narsa kirishi bilan ochiladi. Sochni kaltalatsa yoki tirnoqlarni olsa, bunday narsalar bilan ro‘za ochilmaydi.

Ro‘zador kishi kunduzi yuvinishi mumkinmi?

Javob: Kunduz kuni ehtilom bo‘lib qolgan ro‘zador g‘usl qilishi vojib, albatta, yuvinishi shart va bu borada hech qanday ixtilof yo‘q.

Bu mavzuda “Al-Fatovol hindiya” kitobida shunday deyiladi: “Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan rivoyat qilinishicha, ro‘zador tahoratdan boshqa paytlarda og‘iz va burun chayishi makruhdir. Shuningdek g‘usl qilish (cho‘milish), boshiga suv qo‘yish, suvga sho‘ng‘ish, namlangan kiyimga o‘ranish ham makruhdir. Abu Yusuf rahmatullohi alayh aytadilar: „Yuqorida sanalgan ishlar makruh emas“. Mana shu gap ustunroq, „Muhiti Saraxsiy“ kitobida shunday kelgan”.

Demak, jiddiy zarurat bo‘lmaganda tahoratdan boshqa paytlarda og‘iz va burun chayish, g‘usl qilish (cho‘milish), boshiga suv qo‘yish, suvga sho‘ng‘ish, namlangan kiyimga o‘ranish kabi ishlarni qilinmasa, bu ishlarni iftordan keyinga qoldirilsa, Imom Abu Hanifa rahimahullohning so‘zlariga amal qilingan bo‘ladi.

Lekin, masalan, kun qattiq isib ketganda va boshqa shu kabi holatlarda yuqoridagi ishlarni qilish zarurati tug‘ilsa va ibodatdan bezor bo‘lish ma’nosida emas, balki ibodatga yordam olish ma’nosida bu ishlarni qilinsa, Imom Abu Yusuf rahimahullohning so‘zlariga, keyingi ulamolar ustun ko‘rgan so‘zga amal qilingan bo‘ladi, makruh bo‘lmaydi.

Xonadonda isiriq tutatsa, ro‘zaga zarar yetmaydimi?

Javob: Agar isiriq tutatilib, uning tutunini yutsangiz, ro‘za ochilib ketadi. Shuning uchun uni iftordan keyin tutatish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Vallohu a’lam.

Ramazon oyida hayz ko‘rgan ayol kishi qanday yo‘l tutadi?

Javob: Ayol kishi Ramazon oyi davomida odati boshlanib qolsa, u tugaguniga qadar ro‘za tutmaydi. Ramazon oyi o‘tgandan keyin necha kun ro‘za tuta olmagan bo‘lsa, o‘shancha kun qazo qilib tutib beradi. Bu hukmga ulamolar ijmo' qilishgan.

Muoza roziyallohu anhodan shunday rivoyat qilinadi: Muoza al-Adaviyya Oisha roziyallohu anhodan: “Nima uchun hayz ko‘rgan ayol ro‘zaning qazosini tutadiyu, namozni qazosini o‘qimaydi?” deb so‘radi. Oisha roziyallohu anho onamiz: “Uzrli holatga tushib qolsak, ro‘zaning qazosini tutishga, namozning qazosini o‘qimaslikka buyurilganmiz”, deb javob berdilar (Imom Muslim rivoyati).

Ya’ni, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam hayz holatidagi ayollarga ro‘zaning qazosini tutish, namozning qazosini esa o‘qimaslikka buyurardilar.

Ushbu hukm fiqhiy kitoblarimizda atroflicha yoritilgan: “Ayol hayz yoki nifos ko‘rsa, ro‘zasini ochadi. Kunduz kuni musofir safardan kelsa yoki ayol hayzdan poklansa, kunning qolgan qismida yeb-ichishdan saqlanadi” (“Hidoya”).

“Hayz ko‘rgan ayoldan namoz soqit bo‘ladi, poklangach qazosini o‘qimaydi. Hayz ko‘rganning ro‘za tutishi harom bo‘ladi, poklangach qazosini tutadi” (“Al-Muxtor”).

“Farz ro‘zani tutib turgan ayol hayz ko‘rib qolsa, ro‘zasi botil bo‘ladi. Farz ado bo‘lmay qolgani uchun, poklangach uning qazosini tutish vojib bo‘ladi” (“Umdatur ri’oya”).

Ayollar ro‘zani to‘liq tutish maqsadida dori iste’mol qilib, odat qonini kechiktirishi joiz. Odatiy qon kelmaguncha ayol kishi pok sanaladi va ro‘za tutishi lozim. Qonni to‘xtatib turish-turmaslik borasida shar’an qaytariq yo‘q. Bu ish ayol kishining sog‘lig‘iga zarar qilmasa joiz, zarar qilsa joiz emas.

Homilador yoki emiziklik ayol ro‘za tutishi mumkinmi?

Javob: Homilador yoki emizikli ayol ro‘za tutganda bolasiga yoki o‘zining joniga zarar yetishidan qo‘rqsa, ro‘za tutmaydi va keyinchalik ro‘zaning qazosini tutib beradi. Bu haqda fiqhiy manbalarimizda bunday deyiladi: “Homilador va emizikli ayol o‘z joniga yoki bolasiga zarar yetishidan qo‘rqsa, ro‘zani ochadi va (imkon bo‘lganda) qazosini tutadi. Ularga ro‘zani ochgani uchun kafforat lozim bo‘lmaydi. Zero, „Xulosa“ kitobida shunday deyilgandir” (“Fatavoi hindiya”).

Boshqa bir manbada bunday deyiladi: “Homilador va emizikli ayol bolasi yoki o‘ziga zarar yetishidan qo‘rqsa, ro‘zani ochishi joiz. Bu ruxsat qiyinchilikni ketkazish uchundir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh musofirdan ro‘zaning (hammasini) va namozning yarmini, homilador va emizikli ayoldan ro‘zaning (hammasini) ko‘targan”, deganlar (Imom Nasaiy Anas ibn Molikdan rivoyat qilgan).

Homilador yoki emizikli ayolning ro‘zani ochishi zarardan qo‘rqishga bog‘lab qo‘yildi. Bu qo‘rquv yo tajribalar natijasida paydo bo‘lgan kuchli gumon bilan yoki musulmon, mohir tabibning xabar berishi bilan yuzaga keladi. “Fatavoi Zohiriya” kitobida shunday kelgan. Agar homilador yoki emizikli ayol bolasi yo o‘zining joniga zarar yetishidan qo‘rqmasa, ro‘zani ochishiga ruxsat berilmaydi" (“Bahrur-roiq”).

Demak, homilador yoki emizikli ayol ro‘za tutsa bolasiga yoki o‘zining joniga zarar yetishini tajriba orqali bilsa, yoki buni tajribali, bilimdon musulmon (din-diyonatli) tibbiyot xodimi xabar bersa, ro‘za tutmaydi. Imkon topganda qoldirilgan kunlarni har bir kuniga bir kundan qazosini tutib beradi.

Shuni ham ta’kidlab o‘tish kerakki, homilador va emizikli ayollar ro‘za tutmaganlari uchun fidya bermaydilar. Chunki ular kelajakda ro‘zaning qazosini tutishga qodir hisoblanadilar.

Homilador va emizikli ayollar farzandi yoki joniga zarar yetmaydigan bo‘lsa, ro‘za tutishlari shartdir. Ularga yuqoridagi ruxsatlar tegishli hisoblanmaydi. Ayniqsa bolalari taom yeyishga o‘rgangan emizikli ayollar bu borada taqvo bilan ish tutishlari lozim.

Men ayni paytda oliygohda talabaman. Shuning uchun ro‘za tutishga qiynalaman. Bir kitobda ro‘za tutishga qiynaladigan kishi iftorlik qilib berish kerak deb, o‘qigan edim. Agar men do‘stlarimga iftorlik qilib bersam ro‘za tutganlik savobini olamanmi?

Javob: Dinimizda mo‘min-musulmonlar Ramazon oyi ro‘zasini tutishga buyurilganlar.

Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz” (Baqara surasi, 183-oyat).

Ramazon oyida ro‘za tutish Islomning besh asosiy ustunlaridan biridir. Ramazon ro‘zasi sog‘lom, muqim, oqil va balog‘atga yetgan har bir musulmonga farzdir. Ro‘za tutishni niyat qilish, ro‘zani buzadigan amallardan uzoq bo‘lish va ayollarning hayz va nifosdan pok bo‘lishlari ro‘zaning to‘g‘ri bajarish shartlaridan sanaladi.

Ramazon ro‘zasini tutgan banda bo‘ynidagi bandalik majburiyatni bajargan bo‘ladi va oxiratda Alloh taolo tomonidan ulug‘ mukofot va va’da qilingan ne’matlarga erishadi. Uni ado etishga layoqatli bo‘la turib, tark qilgan kishi esa qattiq gunohkor bo‘ladi va oxiratda azobga qoladi. Rivoyatlarda Ramazon ro‘zasini uzrsiz qoldirgan kimsa butun umr ro‘za tutsa ham, o‘sha qoldirgan bir kunning ajrini topa olmasligi ta’kidlangan.

“Kimki uzrsiz va kasal bo‘lmasdan Ramazondan bir kunini ro‘za tutmay o‘tkazsa, uning qazosini umr bo‘yi tutgan ro‘zasi ham to‘ldira olmaydi” (Imom Nasoiy rivoyati).

Kasal, musofir, hayz va nifos ko‘rgan ayollar, ro‘za tutish o‘ziga yoki bolasiga zarar beradigan homilador va emizikli ayollar keyinchalik qazosini tutib beradi.

Shariatimiz ikki toifa kishilarni ro‘za tutmasliklari va uning o‘rniga Ramazonning har bir kuni uchun fidya berishlariga ruxsat bergan:

1) Qarilik sababli umuman ro‘za tutishga yaramaydigan, kundan-kunga jismonan zaiflashib borayotgan yoshi ulug‘ keksalar.

2) Surunkali kasal bo‘lib, odatda tuzalishiga umid bo‘lmagan va ro‘za tutish ularning salomatligiga jiddiy ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan bemorlar.

Ushbu ikki holatga tushmagan musulmon kishi Ramazon ro‘zasini tark qilishi va uning o‘rniga fidya berishi mutlaqo mumkin emas. Ro‘za tutish sababidan ish yoki o‘qishda qiyinchilikka duch kelish kabi vajlar shar’iy uzrga o‘tmaydi. Do‘stlariga iftor qilib berish bilan zimmasidagi farz ro‘za ado bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.

Bu yil ro‘za tutayapman. Ammo birinchi o‘rinda ozish uchun ro‘za tutaman, degandim. Yaqinda dugonam bunaqa niyat bilan tutilgan ro‘za qabul bo‘lmaydi, dedi. Shu rostmi?

Javob: Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sallollohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon ro‘zasini imon keltirib, savob umidida tutsa, avval qilgan gunohi kechiriladi”, dedilar.

Hadisning ma’nosi: “Allohning va’da qilgan savobiga ishonib, riyo va boshqa maqsadda emas, balki Allohning mukofotidan umid qilib tutsagina gunohi kechiriladi”, deyiladi. (“Fathul boriy” kitobidan).

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ro‘za haqida shunday dedilar: “Odam bolasining barcha amaliga (savob) ko‘paytirib beriladi. Bir yaxshi amalga o‘n barobardan yetti yuz barobargacha savob bor. Alloh azza va jalla: “Faqat ro‘za unday emas. Uning mukofotini O‘zim beraman. Axir bandam shahvatini, taomini Men uchun tark qilyapti”, deb aytadi.

Ro‘zador uchun ikki xursandchilik bor: biri iftor vaqtida, ikkinchi xursandchilik esa Robbisining huzuriga borganda. Shu sababli siz eng avvalo ro‘zaning savobidan umid qilib ro‘za tuting.

Mening Ramazon oyi ro‘zasidan qarzim bor. Nafl ro‘za tutsam bo‘ladimi yoki oldin qarz ro‘zamni tutishim kerakmi?

Javob: Ramazon ro‘zasidan qazosi bor kishining nafl ro‘za tutishi haqida Alouddin Kosoniy “Badoi-us sanoi” kitobida shunday deydi: “Ramazon ro‘zasidan qazosi bo‘lgan kishi nafl ro‘za tutishi makruh bo‘lmaydi”.

Mazkur kitobning boshqa bir o‘rnida shunday deyilgan: “Qazoni o‘tab berish haqidagi buyruq muayyan vaqtda vojib bo‘lmaydi, balki mutlaq vaqt (ya'ni, banda imkon topgan)da vojib bo‘ladi”. Shunga binoan Ramazon ro‘zasidan qarzi bor kishi qazosini tutmay turib ham nafl ro‘za tutishi mumkin. Vallohu a’lam.