Sankt-Peterburgda ishlayotgan o‘zbekistonlik ko‘cha tozalovchisi Olimjon Ibrohimov turar joy binosida sodir bo‘lgan yong‘in paytida fasaddagi trubadan uchinchi qavatga ko‘tarilib, bir necha kishini qutqarib qoldi. U odamlarni yong‘indan karnizga olib chiqdi, shundan so‘ng ular Favqulodda vaziyatlar vazirligining qutqaruv zinapoyasidan pastga tushishga muvaffaq bo‘ldi.

Holat 25-aprel kuni ertalab Podolskaya ko‘chasidagi 39-uyda sodir bo‘ldi. 26-aprel oqshomida Sankt-Peterburgning Admiralteysk tumani ma’muriyati rahbari Sergey Overchuk Olimjon Ibrohimovga sovg‘a — u uchun maxsus chizilgan tuman manzarasi aks etgan kartinani topshirdi.

россия, Olimjon Ibrohimov

Peterburgning “Fontanka” nashriga bergan intervyusida 48 yoshli Olimjon Ibrohimov Farg‘onada havo-desant qo‘shinlarida xizmat qilganini aytdi.

“Biz har kuni, tom ma’noda bir necha soatdan mashq qildik. Misol uchun, bir qo‘l bilan ushlab, yettinchi yoki hatto to‘qqizinchi qavatga ko‘tarilish va keyin pastga tushish kerak bo‘lardi. Men 15 yil xizmat qildim, bu menga qiyin emasdi, yoqardi. Shu vaqt mobaynida boks bo‘yicha sport ustasi ham bo‘ldim”, — deydi u.

U yetti yildan beri oilasi bilan Rossiyada yashaydi. Xizmatdan nafaqaga chiqqandan keyin u yerga borgan. Xotini va qizi ham u bilan bir brigadada ko‘cha tozalovchisi bo‘lib ishlaydi.

Olimjon Ibrohimovning aytishicha, bundan oldin ham Vereyskaya ko‘chasida bir yildan ko‘proq vaqt oldin sodir bo‘lgan yong‘indan bir ayolni qutqarib qolgan. O‘shanda unga sertifikat berishdi.

“Yordam berish bizning burchimiz, Xudo hammani ko‘rib turadi… Biz bu yerda odamlarga tez-tez yordam beramiz… Hammamiz tushunamizki, biz odamlarmiz va bir-birimizga yordam berishimiz kerak”, — dedi u.

Maoshi haqida so‘rashganida, u “kam, lekin bir-birimizga yordam beramiz” — dedi. “Biz mehnatkashmiz. Oyiga 45 ming [rubl] olaman, 10 mingi patent va ro‘yxatdan o‘tish uchun sarflanadi va yana 10 mingini uy uchun to‘layman. 25 ming esa yashashimiz uchun qoladi. Bu normal — bu pulga yashash mumkin”, — dedi erkak.

Yong‘in vaqtida jami 10 kishi, shuningdek, mushuk va it qutqarib qolindi.