Avgust oyida COVAX dasturi doirasida JSST tomonidan tan olingan vaksinalardan biri O‘zbekistonga yetkazib berilishi kutilmoqda.
Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Botir Qurbonov ma’lum qildi.
«Avgust oyida O‘zbekistonga COVAX dasturi doirasida AstraZeneca (CovieShield emas), Pfizer, Moderna yoki JSST tasdiqlagan boshqa vaksina kelishi kutilmoqda», — dedi u.
O‘zbekiston COVAX’ga avgust oyida qo‘shilgan. Dasturning maqsadi litsenziyalangan vaksinani uning barcha ishtirokchilari o‘rtasida teng ravishda taqsimlashdir. Mamlakatga 2 mlndan ortiq dozada AstraZeneca vaksinasini yetkazib berish rejalashtirilgan. Mart oyining o‘rtalarida 660 ming dozadan iborat birinchi partiya qabul qilingan.
Avvalroq, O‘zbekistonga Rossiyaning «Sputnik V» 240 ming dozasi va ZF-UZ-VAC2001 xitoy-o‘zbek vaksinasining 4,5 mln dozasi keltirilgan edi.
Yanvar oyida Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari — Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev O‘zbekistonga Pfizer va BionTech kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan 100 ming dona vaksina olib kelinishi haqida ma’lum qilgan edi.