DXX huquq-tartibot idoralari tizimidagi noqonuniy holatlarga chek qo‘yganligi haqida xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Jizzax viloyatidagi tuman prokurorlaridan biri ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari bilan shug‘ullanuvchi DUKning mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida o‘tayotgan qurilish firmasi rahbariga qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo‘llamaslik hamda mazkur firmada aniqlangan kamomad miqdorini kamaytirib ko‘rsatish evaziga undan 2 ming dollar so‘ragan. Prokuror muqaddam ushbu puldan 1200 dollarni olgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda tuman prokurori o‘z xizmat xonasida pulning qolgan 800 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Bundan tashqari, Samarqand viloyatidagi tuman prokurorlaridan birining o‘rinbosari mahalliy fermer xo‘jaligi rahbariga nisbatan sud tomonidan tayinlangan 3 yil ozodlikni cheklash jazosini boshqa og‘irroq jazo turiga o‘zgartirish uchun protest kiritgan. Sudning apellyatsiya bosqichi jarayonida hukmni o‘z kuchida qoldirish evaziga esa 10 ming AQSh dollari talab qilgan.

Tuman prokurori o‘rinbosarining bu ishga aloqadorligi uning vositachisi bergan ko‘rsatma hamda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari doirasida to‘plangan ashyoviy dalillar asosida to‘liq tasdig‘ini topdi.

Namangan viloyatidagi tumanlardan birining Majburiy ijro byurosi rahbari mahalliy fuqaroning Qirg‘izistonning Jalolobod davlat universitetidagi o‘qishini Andijon davlat tibbiyot institutiga ko‘chirishda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligidagi tanishlari orqali yordam berishini aytgan. U buning evaziga 700 dollar so‘ragan. Shuningdek, u muqaddam ushbu puldan 300 dollar hamda 1 mln 50 ming so‘m olgan.

MIB rahbari so‘ralgan pulning qolgan qismini berishini talab qilib, 200 dollar va 1 mln 50 ming so‘m olgan vaqtida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushlandi.

Shuningdek, Buxoro viloyatidagi «Qorako‘l» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postining katta inspektori xorijiy tadbirkorning Turkmaniston hududidan keladigan yuk vagonlarini bojxona to‘lovlarini kam to‘laydigan deb ko‘rsatib, kunlik omborxona to‘lovlari to‘lanmaydigan holda deklaratsiya rasmiylashtirib berish evaziga, undan 800 dollar talab qilgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda bojxonachi so‘ralgan puldan 400 dollarni olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.