2 oktabr kuni taxminan 15:00 da Toshkentning Yangihayot tumanida Chinor va Polvonyor ko‘chalari chorrahasida o‘lim bilan yakunlangan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar qildi.

Toshkent viloyatilik Abduvoris K. (2001 yilda tug‘ilgan) ishonchnoma asosida Damas avtomobilini (davlat raqami 01894 YeNA) boshqarar ekan, yo‘l chetida turgan to‘rt o‘quvchini urib yuboradi. So‘ngra Timur M. (1989) boshqaruvidagi Nexia bilan to‘qnashadi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, haydovchi boshqaruvni yo‘qotgan (tezlikni juda oshirib yuborgan).

YTH natijasida uch piyoda — o‘rta maktabning 10-sinf o‘quvchilari — Gleb K. (2005), Sarmat M. (2005) va Temur X. (2006) — og‘ir tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan. Ikkala mashinaning haydovchilari ham tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Yana bir piyoda, 10-sinf o‘quvchisi Artyom Igumnov (2004 y.t.) to‘qnashuv natijasida tan jarohatlari olib, tibbiyot muassasasiga olib ketish yo‘lida vafot etdi.

Foto: Oksana Dondukova / Facebook.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyat (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) alomatlari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida sodir etilayotgan YTHlarning har beshinchisi Damas avtomobillari ishtirokida bo‘layotgani haqida xabar qilingan edi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Damas rusumli avtoulovlarni aksariyat 20−30 yoshlardagi fuqarolar boshqaradi.