Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi va DXX xodimlari hamkorligida Toshkent shahri hududida tibbiy dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazildi.
Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, fuqaro U.A boshqaruvidagi «Cobalt» rusumli yengil avtotransport vositasi to‘xtatilib, avtomashina saloni va yukxonasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.
Foto: DBQ.
Natijada avtomashinada xorijda ishlab chiqarilgan 99 mln so‘mlik 99 dona «Remdesivir 100 mg» nomli tibbiy dori vositalari borligi aniqlandi. Aniqlanishicha, dori vositasining sifatini tasdiqlovchi hech qanday hujjatlari bo‘lmagan.
Holat yuzasidan hozirda bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, JSST tahlillariga ko‘ra, remdesivir dori vositasi COVID-19 ni davolashda samarasiz deb topilgan edi. Biroq, SSV remdesivirni COVID-19 kasalligini davolashda yaxshi natija ko‘rsatayotgan dori vositalaridan biri sifatida keltirgan edi.