Davlat xavfsizlik xizmati bir nechta hududlarda giyohvand moddalari aylanmasi bilan bog‘liq holatlar aniqlanganini ma’lum qildi.
Qoraqalpog‘istonda kuzatilgan holatda DXX, chegara qo‘shinlari hamda bojxona qo‘mitasi To‘rtko‘l tumanidagi «Miskin» YPX maskanida Lacetti`ni to‘xtatgan. Buxoro-Amudaryo yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelayotgan mashina ichidagi 1968 yilda tug‘ilgan amudaryolik yo‘lovchidan 2 kg 39 gramm «opiy» moddasi topilgan. Giyohvand modda tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan. Ma’lum bo‘lishicha, narkotik modda Tojikistondan Buxoroga kontrabanda yo‘li orqali olib o‘tilgan. Fuqaro avval ham giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoiy ish bo‘yicha uchun sudlangani ma’lum bo‘lgan.
Andijon viloyatining Qorasuv shahrida yashovchi 1979 yilda tug‘ilgan fuqaro Lacetti avtomobilida poytaxtga kelayotgan vaqtida Sirdaryoda to‘xtatilgan. Uning mashinasi salonidan kuchli ta’sir qiluvchi 11 228 dona «Regapen» va 595 dona «Tropikamid» dorilari topilgan. Fuqaro uni Qirg‘izistondan noqonuniy olib o‘tganligi aytildi. Vositalar tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan. Bundan tashqari, uning 1988 yil hamda 1991 yilda tug‘ilgan sheriklari ham ushlangan.
Shuningdek, DXX Tojikistonning So‘g‘d viloyati Masjoh tumanida yashovchi 1976 yilda tug‘ilgan shaxs 10,7 kg «gashish» giyohvand moddasini kontrabanda yo‘li bilan Toshkent viloyatining Ohangaron tumaniga olib o‘tganligini aniqlagan. Fuqaro giyohvand moddalarini xufyona joyga yashirib qo‘ygan vaqtida qo‘lga olingan. Aniqlanishicha, bu moddalarni olib o‘tish evaziga unga narkosavdogarlar 1200 dollar berishi kerak bo‘lgan.
Bundan tashqari, andijonlik fuqaro Toshkent shahrining Chilonzor tumanida yashovchi shaxsga 5488 dona «Regapen» va 1188 dona «Tropikomid» dorisini bergan vaqtida poytaxtda ushlangan va ularning ikkisi ham qo‘lga olingan. Qabul qiluvchining uyi tekshirilganda, u yerda yana 224 dona «Regapen» borligi ma’lum bo‘lgan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlarida ma’lum bo‘lishicha, bu dorilar Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li orqali olib o‘tilgan. Ularni O‘zbekistonga yuborgan 1986 yilda tug‘ilgan fuqaro ham ushlangan.
DXX tomonidan olib borilgan mazkur tadbirlar natijasida:
- 10 kg 701 gr — «gashish»
- 2 kg 39 gr — «opiy»
- 16940 dona «Regapen»
- 1783 dona «Tropikamid» musodara qilingan.
Ma’lum qilinishicha, hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.