Davlat xavfsizlik xizmati to‘rtta viloyatda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan shaxslarni qo‘lga oldi, deb xabar berdi tashkilot matbuot xizmati.

Samarqand viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirida shaxs tanishlari orqali fuqaroni DXX idoralariga ishga kiritib qo‘yish evaziga 50 ming dollar olgan vaqtida ushlangani aytilmoqda. Ta’kidlanishicha, u muqaddam firibgarlik jinoyatini sodir etgani uchun bir necha bor sudlangan.

Namangandagi holatda esa Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining harbiy xizmatchisi fuqaroning farzandini ichki ishlar idoralariga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgani aytilmoqda. Buning evaziga u 5 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga tushgan.

Sirdaryo viloyati Baxt shahrida yashovchi, sobiq ichki ishlar xodimi, o‘zini go‘yoki Milliy Gvardiyaning viloyat boshqarmasida ishlovchi xodimi sifatida tanishtirib, Guliston shahrida istiqomat qiluvchi fuqaroni Milliy Gvardiya tizimiga ishga kiritib qo‘yishiga ishontirgan. Buning evaziga esa 4 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Bundan tashqari, shu kabi holat Qashqadaryoda ham aniqlandi. Muqaddam Mudofaa vazirligi tizimida ishlab, nafaqaga chiqqan Qarshi shahrida yashovchi shaxs 1995 yilda tug‘ilgan fuqaroni Milliy Gvardiyaga ishga kirishida yordam berishini aytgan. Buning evaziga 4 ming dollar olganida qo‘lga olingani aytilmoqda.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.