Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida mashinalar YTHga uchrashi oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi.
Jizzax viloyati FVB xabar berishicha, 17 aprel kuni soat 19:09 larda Zafarobod tumani hududida Nexia-2 avtomobili yonib ketdi.
Aniqlanishicha, Zafarobod-Paxtakor yo‘nalishida harakatlanayotgan Nexia-2 mashinasi haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishdagi Nexia-3 mashinasi bilan to‘qnashgan.
Buning oqibatida mashinada yong‘in kelib chiqqan va bir nafar fuqaro vafot etgan, yana uch nafar fuqaro turli tan jarohatlari bilan tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.
Foto: Surxondaryo viloyati IIB YHHX.
Surxondaryo viloyatida ham shunga o‘xshash holat kuzatildi. 14 aprel kuni Angor-Jarqo‘rg‘on yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan Nexia-3 avtomobili haydovchisi yo‘lda boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishdagi Nexia-3`ga urildi.
Buning oqibatida mashina ichidagi 23 yoshli erkak va ayol, qolaversa, haydovchi og‘ir tan jarohati olib, o‘sha yerda vafot etgan.
Surishtiruv vaqtida har ikki avtomobil egasining ham haydovchilik guvohnomasini olganiga 3 yil bo‘lgani aniqlandi.
Surxondaryo viloyati IIB jamoat xavfsizligi xizmati YHXB TNB bo‘limi boshlig‘i Zafar Qurbonov yo‘lning qatnov qismi ravonligi va yo‘l chiziqlari chizilganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, YTHga haydovchining malakasizligi, shoshqaloqligi sabab bo‘lgan.