Xabar.uz internet nashri 20 va 23 iyun kunlari G‘uzor tumanida 4 yoshli bola va uning 6 yoshli opasi vafot etgani haqida xabar berdi. Shifokorlar, jumladan, Qarshi va Samarqanddan chaqirilgan tibbiyot xodimlari ham bolalar vafot etgan kasallikni aniqlay olmagan.

Nashr bolalarning qarindoshlari bilan bog‘langanda, qizning ahvoli yomonlashishi va reanimatsiyaga yotqizilishidan oldin hech qanday yomon alomat bo‘lmaganini, u odatdagidek o‘ynab yurganini ta’kidlashgan.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi payshanba kuni kechqurun vaziyatni o‘rganish uchun malakali pofessor shifokorlardan iborat maxsus tibbiy guruh tuzib, tezkor tartibda G‘uzorga jo‘natganini ma’lum qildi.

«Sog‘liqni saqlash vazirligi vaziyatni nazoratga oldi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, batafsil ma’lumot e’lon qilinadi», — deyiladi xabarda.