21 avgust, yakshanba kuni Rossiya Federatsiyasining Ulyanovsk viloyatida mikroavtobus va ikkita yuk mashinasi to‘qnashib ketishi oqibatida 14 nafar Qirg‘iziston fuqarosi halok bo‘lib, 3 nafari jarohat olgani munosabati bilan Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovga hamdardlik bildirdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi xabar berdi.

«Qardosh Qirg‘iziston xalqiga chuqur ta’ziya izhor etib, davlat rahbari halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga samimiy hamdardlik so‘zlarini yetkazishni so‘radi, jabrlanganlar shifo topishini tiladi», — deyiladi xabarda.

Ulyanovsk viloyati Nikolayevskiy tumanining Nikolayevka qishlog‘i yaqinida «M5 — Ural» yo‘lida sodir bo‘lgan YTHda 16 kishi halok bo‘ldi, ulardan 14 nafari Qirg‘iziston fuqarolaridir. Yana uch nafar qirg‘izistonlik og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi. IIV viloyat boshqarmasi xabariga ko‘ra, yuk mashinalaridan birining haydovchisi o‘z vaqtida tezligini pasaytirmagan va mikroavtobusga borib urilgan.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov YTH oqibatida mamlakat fuqarolari vafot etgani munosabati bilan 23 avgustni Umummilliy motam kuni deb e’lon qildi. Uning topshirig‘iga ko‘ra, halok bo‘lganlarning jasadlarini vataniga olib kelish bo‘yicha maxsus komissiya tashkil etish masalasi ishlab chiqilmoqda.