Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida yashovchi R. S. (erkak, 1995 y.t.) va uning qarindoshi — Nurafshon shahrida yashovchi K. T. (ayol, 1993 y. t.) odam savdosi uchun besh yilu bir oyga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.
Ular xorijda yashovchi fuqaro (ayol) bilan kelishgan holda qizlarni fohishalik bilan shug‘ullantirish uchun Indoneziya davlatiga yuborishni reja qilishadi.
Bu maqsadda xorijda yashovchi fuqaro (ayol) ijtimoiy tarmoqlar orqali Andijon viloyatida istiqomat qiluvchi 2 nafar qizni yollaydi. Ular uchun aviachiptalar hamda tegishli viza hujjatlarini rasmiylashtirib, elektron shaklda R. S.ga yuboradi. O‘z navbatida, R. S. qizlarni Ohangaron shahrida kutib olib, o‘zinig yashash xonadoniga olib keladi.
K. T. esa qizlarga xorijda nima ish bilan shug‘ullanishlari bo‘yicha tushunchalar beradi hamda aeroportda foydalanishlari uchun PSR test ma’lumotlarini qalbakilashtiradi. DXX va IIV xodimlari tomonidan Toshkent xalqaro aeroportida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ularning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi.
Holat yuzasidan R. S. va K. T.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi. Jinoyatlari ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi tomonidan R. S. va K. T. Jinoyat Kodeksining 25 (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish),135 (Odam savdosi) va 228- (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.