Surxondaryoda Nexia va Nexia-3 ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda viloyat IIB matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, 19 dekabr kuni soat 07:30 larda M-41 avtomobil yo‘lining 1609-kilometrida Termiz-Denov yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan Nexia-3 bilan yana bir Nexia o‘zaro to‘qnashdi.
Nexia-1 haydovchisi va bir nafar yo‘lovchisi olgan tan jarohati oqibatida voqea joyida vafot etdi. Qolgan uch nafar yo‘lovchi va Nexia-3'ning haydovchisi og‘ir tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizildi.
O‘rganishlar davomida aniqlanishicha, chorrahada vaqtinchalik elektr energiyasi uzib qo‘yilgani sabab o‘rnatilgan svetoforning ishlamagan. Yo‘l belgilari bilan tartibga solingan ushbu chorrahada Nexia-1 avtomobili asosiy yo‘ldan harakatlanib kelayotgan Nexia-3'ga yo‘l bermasdan, harakatlanib chiqib kelgan. Svetofor noqonuniy elektr tarmog‘iga ulangani uchun tarmoqdan ajratib qo‘yilgani aniqlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi (odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.