Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand va Jizzax viloyatlarida fuqarolarni AQShga noqonuniy yuborishga urinish holatlari aniqlangani haqida xabar berdi.

Xususan, Samarqand shahrida yashovchi 43 yoshli fuqaro o‘zganing ishonchiga kirib, 30 ming dollar evaziga tanishlari orqali uni AQShga yuborishini aytib, oldindan 10 ming dollar olgan vaqtida ushlangani aytilmoqda.

Boshqa bir holatda esa Samarqand viloyati Ishtixon tumanida yashovchi 27 yoshli fuqaro Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida istiqomat qiluvchi 42 yoshli fuqarodan tanishlari yordamida uni Qo‘shma Shtatlarga yuborish evaziga 21 ming dollar talab qilgani xabar qilindi.

DXX Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan G‘allaorol tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u 10 ming dollar va 100 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi, — deyiladi xabarda.

Har ikki holatda fuqarolarga O‘zbekiston-Turkiya-Yevropa-Meksika-AQSh yo‘nalishida Qo‘shma Shtatlarga ishlash uchun yuborish va’da qilingan.

Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov olib borilmoqda.

Avvalroq Toshkentda talaba fuqaroni AQShga yuborish uchun $3 ming olganlikda gumonlanib ushlangani haqida yozgandik.