Namangan viloyati Pop tumani hududidan o‘tgan A-373 avtomobil yo‘lida 27-may kuni tormozi ishlamay qolgan Isuzu yuk avtomashinasi 4 ta transport vositasiga urildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Soat 15:25 da Qamchiq dovoni 250-kilometrida Toshkent-vodiy yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan Isuzu yuk avtomashinasining tormoz qismi ishlamay qolgan. Oqibatda haydovchi boshqaruvni yo‘qotgan va shu yo‘nalishda turgan Kia, Damas va 2 ta Cobalt avtomashinalariga urilib, ovqatlanish maskani hududidagi favvoraga borib tushgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasi oqibatida 1 nafar fuqaro vafot etdi va 3 kishi jarohat bilan Pop tumani shifoxonasiga yuborildi.
Voqea joyiga FVV qutqaruvchilari va tegishli tashkilotlar vakillari yetib borgan. Hozirda vaziyat oqibatlari bartaraf etilmoqda. Holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.