Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida aqidaparastlik va terroristik materiallarni targ‘ib qilgan erkak 6 yilga qamaldi, deya xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.

“Fuqaro 2019−2022-yillarda Rossiyada mehnat migranti sifatida ishlagan davrida internet tarmog‘i orqali terroristik tashkilotlar va diniy ekstremistik oqimlar g‘oyaviy rahnamolari bo‘lgan Abdulloh Zufar, Abdulloh Buxoriy, Sodiq Samarqandiy, Mahmud Abdulmo‘min va boshqalarning hijrat va jihod qilishga hamda islomiy davlat qurishga chorlovchi ma’ruzalari bilan tanishib, ularning ta’siriga tushib qolgan”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, shundan so‘ng u Instagram tarmog‘ida profil ochib, aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tarqata boshlagan. Shuningdek, Telegram messenjerida ham “Hizb ut-Tahrir” terroristik tashkiloti vakillari bilan aloqa o‘rnatib, tashkilot g‘oyalari singdirilgan va amaldagi davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga xizmat qiluvchi materiallarni targ‘ib qilish bilan ham shug‘ullangan.

Bundan tashqari, u YouTube tarmog‘idagi “Hizb ut-Tahrir” tashkilotining targ‘ibotchisi bilan bog‘lanib, uning faoliyatini faollashtirish uchun bank ilovasi orqali pul mablag‘i yuborgan. 2022-yilning sentabr oyida O‘zbekistonga qaytib kelganidan keyin ham g‘ayriqonuniy harakatlarini davom ettirgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan olib borilgan qidiruv tadbirlari natijasida uning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tumani sudining hukmi bilan mazkur shaxs Jinoyat kodeksining:

  • 155−3-moddasi (Terrorizmni moliyalashtirish);
  • 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish);
  • 244−1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bilan aybdor deb topilgan.

Unga nisbatan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.