O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi binosi yonidagi Bunyodkor shohko‘chasidagi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida yana bir avtomobil piyodani urib yubordi.

Tarqalgan videoda Damas va Lacetti piyodalar o‘tish joyiga yaqinlashayotganini ko‘rish mumkin, u yerda boshqa mashinalar ayolni o‘tkazib yuborish uchun to‘xtagan. Birinchi mashina keskin tormoz berib, to‘xtashga muvaffaq bo‘lgan, ikkinchisi unga kelib urilgan. Damas zarba sababli piyodalar o‘tish joyiga chiqib ketgan va ayolni urib yiqitgan. Ayol bir necha metrga yumalab ketgan, keyin tezda o‘rnidan turib, narsalarini yig‘ishtirgan va yo‘lni tark etgan.

Poytaxt IIBB YHXB matbuot xizmati YTH 21-iyul kuni soat 19:00 atrofida sodir bo‘lganini ma’lum qildi. Boshqarma YTH sababli jabrlanganlar yoki kasalxonaga yotqizilganlar haqida hech qanday ma’lumot kelib tushmaganini bildirdi.

йтҳ

Boshqarma odatiy tarzda haydovchilardan “tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylariga yaqinlashayotganda tezlikni pasaytirishni, to‘xtab, piyodalarga yo‘l berishni hamda oraliq masofani saqlashni” so‘ragan.

Tahririyatdan

E’tiborli jihati, bu joyda baxtsiz hodisalar muntazam ravishda sodir bo‘lib turadi. Fuqarolar ushbu maskanda ko‘chani kesib o‘tishga qo‘rqishayotganini ma’lum qilgan. “Gazeta.uz” keng magistrallar bo‘ylab tartibsiz piyodalar o‘tish joylari bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida bir necha bor yozgan. Vaholanki, Toshkentda bunday chorrahalardagi svetoforlar odatda o‘lim bilan yakunlangan baxtsiz hodisalardan keyin paydo bo‘ladi.

Toshkentdagi chorrahalarni tartibga solish loyihasida ishtirok etgan taniqli urbanist Arkadiy Gershman poytaxtga tashriflarining birida bunday o‘tish joylarini birinchi marta ko‘rganini yozgandi. “Bu yerda 20 ga yaqin „polosa“ bor: 4+4 asosiy yo‘l va 5+3+3 yondosh yo‘laklar. Albatta, svetoforlar yo‘q”, — degan u.

Mutaxassis Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylari faqatgina bittadan ortiq harakat yo‘lagi bo‘lmagan joylarda bo‘lishi kerakligini ta’kidlagandi. Bu ko‘cha va yo‘llarni loyihalashda inson hayotini saqlash birinchi o‘ringa qo‘yilgan barcha mamlakatlarda odatiy amaliyotdir.