5-avgust kuni poytaxtdagi Kinochilar uyida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Aziya Invest Favorit MCHJga pul to‘lab, o‘ziga va’da qilingan uylarni ololmayotgan fuqarolar bilan uchrashdi. Unda Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov, o‘ndan ziyod vazirlar va 500 nafardan ortiq fuqaro ishtirok etdi. “Gazeta.uz” ushbu uchrashuvdan reportaj tayyorladi.

Uchrashuv boshida so‘zga chiqqan Abdulla Aripovning ma’lum qilishicha, hozirgi kunda mamlakatda ro‘yxatdan o‘tayotgan jinoyatlarning 20 foizdan ortig‘ini firibgarlik, qalloblik ko‘rinishidagi jinoyatlar tashkil etadi.

“Bunday holatlar juda ko‘payib bormoqda. Ming afsuski, bu xalqimizning ochiqko‘ngilligi, hammaga ishonib qo‘yishi, eng yomoni, huquqiy savodxonlik darajasi hali yuqori emasligini anglatadi. Biz ikki hafta davomida ["Aziya Invest Favorit” MCHJ ishi] hujjatlarini o‘rganganimizda, bu kvartiralar uchun shartnomalar oldi-sotdi asosida tuzilmaganligini aniqladik. Fuqarolar bu loyihaga ulushdor bo‘lib kirgan ekan. Bilasizlarmi, bu loyihaga ulushdor bo‘lib kirganlaringizni? Hammalaringiz o‘zi bitta kompaniya ekansizlar. Bu piramidani o‘ylab topgan noinsoflar shu darajada xalqimizning ishonchiga kirganki, noreal narxlarda, ya’ni bir kvadrat metrni 3,5 million so‘mdan qilib, 2025-yilning oxirigacha uy beraman degan", — deya vaziyatni tushuntirdi bosh vazir.

Uning aytishicha, odamlar uy xarid qilishda hujjatlarni o‘qimasdan imzo qo‘yadi, pul berayotganda ham o‘qimaydi. “Bu piramida sabab mazkur yo‘nalishdagi qonunchilikni juda qattiq tartibga solish bo‘yicha ham xulosa qildik. Bu bo‘yicha ham [Oliy Majlisga] takliflar kiritamiz”, — dedi Abdulla Aripov.

Mazkur masalani o‘rganish, hal etish va takliflar ishlab chiqish bo‘yicha tuzilgan hukumat komissiyasi tomonidan olib borilayotgan ishlar xususida ham mas’ullar ma’lumot berdi. Xususan, mazkur komissiya raisi, bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov nutq so‘zladi.

Uning ta’kidlashicha, “Aziya Invest Favorit” MCHJ mansabdor shaxslarining firibgarligidan Izzat ko‘chasida qurilayotgan va qurilishi mo‘ljallangan uylar bo‘yicha jami 2668 nafar fuqarolarda muammoli masalalar yuzaga kelgan. Jabrlangan fuqarolar bo‘yicha 2 ta holat mavjud.

aziya invest favorit, bosh vazir

Ochilboy Ramatov.

Birinchi holatga to‘xtaladigan bo‘lsam, „Aziya Invest Favorit“ MCHJ tomonidan o‘ziga ajratilgan 5,2 gektar yer maydonida 2018-yil dekbaridan boshlab 1513 ta xonadondan iborat sakkizta 7 qavatli uy-joylar qurilishi boshlangan. Shundan, to‘rtta: 3-, 4-, 5-, 6-uylarda qurilish ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirilgan. Qolgan to‘rtta: 1-, 2-, 7-, 8-uylarda qurilish ishlari tugallanmay qolgan. Hozirda ushbu to‘rtta uyda qurilish ishlari davom ettirilmoqda va jarayon o‘rtacha 90 foizga bajarilgan”, — dedi u.

Ochilboy Ramatov bugungi kunda ushbu sakkizta ko‘p qavatli uy-joylar bo‘yicha yuzaga kelgan muammolarga ham to‘xtalib o‘tdi.

“1513 ta xonadondan 1409 tasi bo‘yicha fuqarolar bilan shartnomalar tuzilgan bo‘lib, atigi 260 nafar fuqaroga kadastr hujjatlari rasmiylashtirilib berilgan xolos. Qolgan 1162 ta xonadon muammoli bo‘lib turibdi. Hali qurilmagan 104 ta xonadonni sotish bo‘yicha shartnoma imzolanmagan. Lekin shunday bo‘lsa-da, ushbu xonadonlarning 73 tasi bank balansiga olinib, sotilib ketilgan. 10 tasi bankda garovda turibdi”, — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Ma’lum qilinishicha, pudrat tashkilot rahbari Xayrullo Xatamov fuqarolarni xabardor qilmasdan 608 ta xonadonni o‘ziga tegishli bo‘lgan 17 ta tadbirkorlik subektiga 8 ta bankdan turli maqsadlarda ajratilgan 211 mlrd so‘m kredit mablag‘lari uchun garov ta’minoti sifatida qo‘yib yuborgan. Shundan 122 ta xonadon bank balansiga olingan, 112 tasi esa bank balansiga olinib, sotib yuborilgan. Qolgan 374 ta xonadon bankda garovda turibdi.

“Shuningdek, 133 ta xonadon 2 ta yakka tartibdagi tadbirkor nomiga shartnoma berilib, sotib yuborilgan. 459 ta xonadon bo‘yicha qurilish yakuniga yetkazilmagan. Bundan tashqari, 72 ta xonadon soliq organlarida taqiqda bo‘lgani uchun fuqarolar nomiga kadastr hujjatlari rasmiylashtirib berilmagan. Hozirgi kunda soliq masalasi hal bo‘ldi va fuqarolarga berildi”, — dedi hukumat komissiyasi raisi.

Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov ikkinchi holat haqida ma’lumot berarkan, “Aziya Invest Favorit” MCHJ tomonidan Yashnobod tumani, Izzat ko‘chasidagi 58-uy manzilidagi davlat mulki hisoblangan “Toshkent shahar suvta’minoti” MCHJga tegishli 4,5 gektar yer maydoniga noqonuniy ravishda loyiha qilingani va ushbu kelishilmagan loyiha asosida aholiga uy-joylar sotuvi yo‘lga qo‘yilganini qayd etdi.

“Ya'ni tadbirkor o‘ziga tegishli bo‘lmagan yerda ikki, uch yildan keyin uy qurib berishni va’da qilib, fuqarolarni aldab, shartnoma tarqatib, naqd pul yig‘ib olgan. Tasdiqlanmagan loyiha asosida 1696 ta xonadondan iborat 12 qavatli uy-joylar qurishilishi rejalashtirilgan. Ushbu uy-joylardagi umumiy 61 ming 766 kvadrat metr bo‘lgan 1106 ta xonadonni sotish bo‘yicha shartnomalar imzolangan. Shartnomalarga asosan fuqarolar tomonidan 163,4 mlrd so‘m naqd pul to‘langan. Bu hozirda umumiy shartnoma summasining 69 foizini tashkil qilmoqda”, — dedi Ramatov.

Uning ma’lum qilishicha, shartnomaga asosan fuqarolarga xonadonlarni “korobka” holatida qurib berish sharti bilan 1 kvadrat metr 3,8 mln so‘mdan 4 mln so‘mgacha bo‘lgan narxda sotilgan.

“Shartnoma imzolagan 1106 nafar fuqarodan 321 tasi shartnomada ko‘rsatilgan summani 100 foizini, 202 nafari 70 foizdan yuqori qismini, 298 nafar fuqaro 50 foizdan — 70 foizgacha, 228 nafari 30 foizdan — 50 foizgachani, 51 nafar fuqaro 30 foizgacha bo‘lgan qismini to‘lagan. 6 nafar fuqaro umuman pul to‘lamagan”, — dedi u.

aziya invest favorit, bosh vazir

Qayd etilishicha, bugungi kunga qadar 1106 nafar fuqarodan 1060 nafari Bosh prokuraturaning tergov guruhi tomonidan jabrlanuvchi sifatida so‘roq qilinib, shartnoma va to‘lov kvitansiyalarining haqqoniyligi o‘rganilgan. Qolgan 46 nafar fuqaro hali tergovga kelmagan, ya’ni so‘roq qilinmagan.

“Yuqoridagi holatlar fuqarolarning asosiy noroziligiga sabab bo‘lgan. Hukumat komissiyasi a’zolari bilan yuqoridagi muammolarning yechimi yuzasidan takliflar tayyorlaganmiz. Hurmatli Abdulla Nig‘matovich, ruxsat bersangiz, hukumat komissiyasi o‘z faoliyatini mazkur muammolar to‘liq hal bo‘lguncha davom ettirsa”, — dedi Ochilboy Ramatov.

Fuqarolardan biri tadbirkor va odamlar o‘rtasida tuzilgan shartnomalar qayta ko‘rib chiqilishi, ayrim pul to‘laganlar shubhali ekanligini aytdi. Bosh vazir Abdulla Aripov bunga munosabat bildirarkan, “Aziya Invest Favorit” MCHJ piramida ekanligini qayd etdi.

aziya invest favorit, bosh vazir

“Prokuratura ishini to‘xtatgani yo‘q. Huquqiy tomoni ham, hammasi o‘rganilyapti. „Shuncha odamni bezovta qilgan, shuncha odamga firibgarlik qilganlar o‘zining qonuniy jazosini olmaydi“, deb o‘ylamanglar. Jazo muqarrar. Chunki qonunchilik davlatida yashayapmiz, Konstitutsiya bor, qonunchilik ishlayapti. Faqat ichiga kirish uchun biroz vaqt kerak. Tadbirkorlik subektini xohlagan odam, hattoki prokuratura ham istagan paytida kelib tekshirolmaydi, soliq [organi] ham kirolmaydi. Biznes Ombudsman bor, o‘zining tartibi bor. Bu bo‘yicha hukumatga murojaat tushganidan keyin hukumat komissiyasi tuzilib, komissiya doirasida Bosh prokuratura, soliq idoralari barcha hujjatlarni ko‘targanida, shunaqa narsalar chiqyaptiki… Hali hammasini sizlarga gapirib beramiz. Bu yerda piramida bo‘lgan. Hamma qilgan qilmishiga ajrini oladi”, — dedi Abdulla Aripov.

Bosh vazir Abdulla Aripov mas’ullarga kompaniya qurgan uylar sifatini o‘rganish va qishgacha ijobiy hal qilish bo‘yicha topshiriq berdi, mazkur masala yuzasidan ham alohida komissiya tuziladi.

Komissiya a’zosi, Toshkent shahar prokurori Erkin Yuldashevning ta’kidlashicha, tadbirkorning faoliyati avvaldan firibgarlik bilan boshlangan. “Aziya Invest Favorit MCHJ"ning 34 foiziga egalik qilgan Xayrulla Xatamov shu paytga qadar 14 marotaba sudlangan. Bularning barchasi iqtisodiy sudlarda ko‘rib chiqilgan.

aziya invest favorit, bosh vazir

Erkin Yuldashev.

“Tadbirkorga uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Unga va oila a’zolariga tegishli bo‘lgan respublika hududidagi 200 milliard so‘mdan ortiq mol-mulklar xatlandi. Hozirda uning qo‘shimcha mulklarini aniqlash va xatlash choralari ko‘rilmoqda. Bu tadbirlar nafaqat Toshkentda, balki boshqa barcha viloyatlarda ham o‘tkazilmoqda. Ayrim holatlarda bitta xonadonni boshqa yana bir odamga sotilgan, ba’zi uylar bankka garovga qo‘yib yuborilgan. Shunga o‘xshash to‘rt, beshta holatlar mavjud. Bularning barchasi bo‘yicha albatta, to‘laqonli tergov ishlari olib boriladi. Tergov jarayonida 2 mingdan ortiq fuqaro so‘roq qilindi. Tergov ishlari davom etmoqda”, — dedi poytaxt prokurori Erkin Yuldashev.

Muammoni hal qilish yuzasidan berilgan takliflarning 1-variantiga ko‘ra, loyiha ishlari — topshiriqqa muvofiq muammoni hal qilish uchun Bektemir tumani “Iyk ota” massividan 11,4 getkar bo‘sh yer maydoni tanlandi. 1-bosqichda ushbu yer maydonining 4,4 gektariga umumiy maydoni 61 ming 766 kv metr bo‘lgan 1 ming 104 xonadonli 16 ta 9 va 12 qavatli temir-beton quyma monolit tipdagi uylar qurish bo‘yicha loyiha taklifi tayyorlandi.

Quriladigan uy-joylarning tannarxini arzonlashtirish maqsadida massivning muxandislik-kommunikatsiya tarmoqlari qurilishi va obodonlashtirish ishlarini respublika budjetidan amalga oshirish taklif etiladi. Massiv hududida mahalliy budjetdan ajratilayotgan 29 mlrd. so‘m mablag‘ hisobidan 990 o‘rinli umumta’lim maktabi joriy yilda foydlanishga topshiriladi. Ushbu massivda bog‘cha ham quriladi.

Mazkur hududda ko‘p qavatli uylarni qurish uchun sohadagi yirik pudrat tashkilotlarining takliflar qabul qilindi. Ular orasidan “O‘zshahar qurilish invest” kompaniyasi, “Yangi zamon” MCHJ, “Gold step invest” MCHJlar tanlab olindi.

Ko‘p qavatli uy-joylar qurilishini loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqib, ekspertizadan o‘tkazish ishlari joriy yil 1-oktabrga qadar yakunlanadi. Qurilish ishlari loyiha ishlari bilan parallel ravishda olib borishga ruxsat berilsa joriy yil 10-avgustdan boshlab yuboriladi va uylar 2024-yil yakuniga qadar to‘liq foydalanishga topshiriladi. Hukumat komissiyasiga jabrlangan fuqarolarga qurib beriladigan uy-joylarning 1 metr kvadrati narxi 6 million so‘mdan oshmasligi topshiriq qilindi.

Qurib bitkazilgan uy-joylar avvalgi pudrat tashkiloti bilan tuzilgan shartnomaga asosan 100 foiz pulini to‘lagan (320 nafar) fuqarolarga beg‘araz beriladi. Shartnomaga asosan belgilangan mablag‘ni bir qismini to‘lagan fuqarolarga ham uy beriladi, lekin shartnomadagi xonadon maydonining to‘lanmagan qismiga har bir kv metr maydon uchun qo‘shimcha tarzda to‘lov qilishadi.

Jabrlanuvchi fuqarolar tomonidan avvalgi pudrat tashkiloti bilan tuzilgan investitsiya shartnomasiga asosan sotib olingan xonadonning umumiy kvadrat metri o‘zgargan taqdirda, uning oshgan qismi bo‘yicha har bir kvadrat metrga qurilish tannarxida qo‘shimcha to‘lov amalga oshiriladi. Pulini qaytarib olish istagida bo‘lgan fuqarolarga to‘lagan pul mablag‘lari tergov-sud jarayonlari yakunlangandan keyin pudrat tashkilotining davlat foydasiga tergov jarayonida xatlangan mol-mulklarni sotish evaziga tushgan mablag‘lar hisobidan qaytarib beriladi (tergov va sud jarayonlari muayyan vaqt olishi mumkin).

aziya invest favorit, bosh vazir

Muammoni hal qilish bo‘yicha 2-variantga ko‘ra, loyiha ishlari — “Iyk ota” massividan 11,6 gektar bo‘sh yer maydonida 2 ta bosqichda umumiy maydoni 226 ming kv metr bo‘lgan 3 ming 120 xonadonli 34 ta 9, 12 va 16 qavatli temir-beton quyma monolit tipdagi uylar qurish bo‘yicha loyiha taklifi tayyorlandi.

Infratuzilma obektlari respublika budjetidan qilib beriladi (113 mlrd so‘m). Qurilish ishlari — “O‘zshahar qurilish invest” IK, “Yangi zamon” MCHJ, “Gold step invest” MCHJ tomonidan quriladi. Qurib bitkazilgan uy-joylarni jabrlangan fuqarolarga taqsimlash 1-variantdagi kabi amalga oshiriladi.
Uy-joy loyihasi va qurilish ishlariga qurilish va kommunal xo‘jalik vazirining o‘rinbosari Adilov Davron Qobuljanovich hamda qurilish ishlarining sifatiga Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi rahbari Kozim Nosirovich To‘laganov mas’ul bo‘ladi.

Qurilish ishlari yakuniga yetkazilgunga qadar Hukumat komissiyasi doimiy nazorat qiladi va muammoli masalalarni hal qilib boradi.

Hukumat komissiyasi tomonidan ikkinchi holat bo‘yicha yuzaga kelgan muammoni hal qilish yuzasidan quyidagi takliflar bildirildi:

  • Soliq idoralari tomonidan xonadonlarga qo‘yilgan taqiq yechilgan 72 ta xonadonni joriy yil 1-sentabrga qadar fuqarolar nomiga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish;
  • Sud qarorlari va kelishuv bitimlariga asosan banklar balansiga o‘tkazilgan 122 ta va garovda turgan 374 ta xonadon bo‘yicha sud jaryonida qayta ko‘rib chiqib, kredit ta’minotini pudrat tashkilotiga tegishli bo‘lgan va tergov jarayonida xatlangan mol-mulklarga almashtirish hisobiga jami 458 ta xonadonni joriy yil 1-oktabrga qadar fuqarolar nomiga rasmiylashtirilishini ta’minlash;
  • Bank balansiga olinib, Davlat aktivlari agentligiga o‘tkazilgan 59 ta xonadonni qaytarib, ushbu xonadonlar bo‘yicha da’voni tergov jarayonida xatlangan mol-mulklarga qaratish va qaytarilgan xonadonlarni joriy yil 1-oktabrgacha pul to‘lagan fuqarolar nomiga rasmiylashtirib berish;
  • Qurilish ishlari yakuniga yetkazilmagan 4 ta ko‘p qavatli uyni Hukumat komissiyasi nazorati ostida qo‘shimcha mablag‘ ajratgan holda joriy yil 1-noyabrga qadar qurilish ishlarini yakunlab, foydalanishga qabul qilish;
  • Qurilish ishlari yakunlangandan keyin 459 ta xonadonni joriy yil 1-noyabrdan boshlab fuqarolarga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish. Bunda qurilish ishlarini yakunlash va aholini kadastr bilan bog‘liq muammolarini hal qilish uchun Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari — Hukumat komissiyasi a’zosi Baxtiyar Raxmonov hamda Yashnobod tumani hokimi Baxtiyar Raxmonkulov shaxsan mas’ul bo‘ladi. Shtab Izzat ko‘chasida qurilgan uylarning yerto‘lasida joylashgan sotuv ofisida bo‘ladi;
  • Ikkita shaxs (yakka tadbirkorlar va fuqarolar) nomiga shartnoma berilib, sotib yuborilgan 133 ta xonadon hamda tijorat banklari balansiga olinib, sotib yuborilgan 53 ta xonadonga pul to‘lagan fuqarolarga ham oldin imzolangan shartnomasi hamda to‘lov kvitansiyasi asosida xonadonlar ajratiladi. Bunda, Izzat ko‘chasida qurilayotgan massivdagi xonadonlar yetishmagan fuqarolarga Bektemir tumanida quriladigan uy-joylardan ajratish taklif etiladi;
  • Qurilish tugallanmagan xonadonlarni sotib olishga shartnoma imzolagan fuqarolarning xonadon narxini to‘lanmagan qismini to‘lashlariga qulaylik yaratish maqsadida Izzat ko‘chasidagi massiv yaqinida tijorat banki kassasi tashkil etiladi;
  • Izzat ko‘chasida qurilgan massivga ko‘chib kelgan aholi uchun 2024-yilda respublika budjeti mablag‘lari hisobidan ushbu hududga yaqin masofada joylashgan 67-son maktabning bo‘sh yer maydonida 990 o‘rinli, 143-son bog‘chaning bo‘sh yer maydonida 180 o‘ringa mo‘ljallangan qo‘shimcha bino quriladi.

Reportajni “Gazeta.uz” muxbiri Mirolim Isajonov tayyorladi. Fotograf va tasvirchi Yevgeniy Sorochin. Montaj ustasi Iskandar Mirzaxmedov.