Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida 20-may kuni Matiz urib yuborgan piyoda voqea joyida halok bo‘ldi. Bu haqda shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati xabar qildi.

YTH soat 21:00 lar atrofida Yuzrobod ko‘chasida sodir bo‘lgan. P.M. (1989-yilda tug‘ilgan) avtomashinasini boshqarib borayotib, fuqaroni urib yuborgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda piyoda yo‘lning belgilanmagan qismidan o‘tmoqchi bo‘lgani aytiladi.

YHXBning ma’lum qilishicha, marhum 35−40 yoshlar atrofida bo‘lgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, odam o‘lishiga sabab bo‘lsa / muayyan huquqdan mahrum qilib, yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.