O‘zbekistondagi piyodalar uchun belgilangan piyodalar o‘tish joyidan o‘tish belgilanmagan joydan o‘tishdan ko‘ra xavfliroq. Bu haqda “Transkasb” korxonalar uyushmasi boshqaruv raisi o‘rinbosari, ekspert Nosirjon Zokirov Kun.uz bilan yo‘l-transport hodisalari haqidagi suhbatda aytib o‘tdi.
Uning ta’kidlashicha, avvalo, piyodalar o‘tish joylaridagi sharoitni yaxshilash kerak.
“Oldin sharoit yaratish kerak, keyin [haydovchilardan] bir narsa talab qilish kerak. Masalan, piyodalar o‘tish joyi haqida. O‘zbekistondagi piyodalar uchun piyodalar o‘tish joyidan o‘tish belgilanmagan [piyodalar o‘tish] joyidan xavfliroq. Chunki piyodalar o‘tish joylari yaxshi tashkil qilinmagan”, — dedi ekspert.
“Toshkent shahrida Zulfiyaxonim ko‘chasi bor, shu yerda 2022-yil dekabrda yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Ayol bolasi bilan o‘tayotganda mashina urib ketgan. Shu bo‘yicha ko‘rsatuv tayyorladik. Menga ko‘rsatishdi, [u yerda] belgi juda past joylashtirilgan bo‘lgan. Keyin, haydovchida umuman imkon bo‘lmagan piyodalar o‘tish joyi belgisini ko‘rishga. Men haydovchini oqlayotganim yo‘q, [u belgini] ko‘rishni iloji yo‘q, chunki u yerda bir qancha belgilar bor, uni orasida [piyodalar o‘tish joyi belgisi] bekilib qolgan. Chap tomonda xavfsizlik orolchasi yo‘q. Mana shunaqa xavfli o‘tadigan joyda, albatta, yo‘lni o‘rtasida chiziqni ustiga piyoda qatnov qismining ikkinchi tomonidan xavfsiz o‘tishi uchun xavfsizlik orolchasi bo‘lishi kerak”, — dedi Nosirjon Zokirov.
Uning aytishicha, piyodalar o‘tish joyi yaqiniga haydovchilar uchun 1.20 (Piyodalar o‘tish joyi) ogohlantiruvchi belgisini qo‘yish kerak. Hozirda ushbu belgi Toshkent shahrida juda kam.
“Haydovchi o‘ngdagi belgini ko‘rmasa, chapdagi belgini ko‘rish kerak… Bir taklif bor, eshitishadi, boshqa qilinadi, lekin shu ish qilinmaydi. Piyodalar o‘tish joyida YTH sodir bo‘ladi, keyin mas’ul xodim aytadiki, „o‘tish joyi ko‘rinib turibdi, belgilar o‘rnatilgan“, deb. To‘g‘ri, 5.16.1, 5.16.2 belgilari o‘rnatilgan, bu bevosita piyodalar o‘tish joyiga o‘rnatilgan, lekin [bundan] oldin o‘rnatiladigan belgi bor. Mana bu belgi (1.20 belgisini ko‘rsatib) haydovchilar uchun, piyodalarga aloqasi yo‘q. Bu belgini ko‘rgandan keyin haydovchi hushyorlikni oshirib, tezlikni pasaytirib, yaqin orada piyodalar o‘tish joyi borligi haqida ogoh bo‘ladi. Bu belgi faqat o‘ng tomonga emas, chap tomonga ham o‘rnatiladi. Shu belgi poytaxtda 10 ta ham chiqmaydi… Haydovchiga sharoit yaratish shunday bo‘ladi”, — dedi ekspert.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorida 2024-yil 1-yanvardan boshlab aholi punktlarida barcha yangi qurilayotgan ikki va undan ortiq polosali avtomobil yo‘llarida piyodalar o‘tish yo‘laklarini svetoforlar bilan to‘liq jihozlash majburiy bo‘lishi belgilangan.
Toshkentning “o‘lim ko‘chalari”dagi ko‘plab o‘tish joylari tartibsizligicha qolmoqda. Uzoq yillar davomida mutaxassislar bir narsani bot-bot takrorlayapti: tartibga solinmagan o‘tish joylari faqat bitta “polosa”li yo‘llarda bo‘lishi mumkin.
YTHlarning aksariyati haydovchilar piyodaga yo‘l bermasligi va ko‘chani noto‘g‘ri joydan kesib o‘tish bilan bog‘liq. Demak, odamlar ikki “polosa”dan ko‘proq masofani kesib o‘tishi kerak bo‘lsa, u yerlar svetoforlar bilan ta’minlanishi lozim.
O‘zbekistonda bir necha yillardan beri yo‘l-transport hodisalarida o‘lim va jarohatlanish holatlarini kamaytirish uchun Vision Zero (YTHlarda o‘lim darajasini nolga tushirish) konsepsiyasini joriy etish rejalari haqida gapirilmoqda.
Avvalroq, O‘zbekistonda 2023-yilning dastlabki 7 oyida 4772 ta YTH qayd etilgani, ularda 1115 kishi vafot etgan, 4564 nafari tan jarohatlari olgani xabar qilingandi.