Toshkentning yer o‘ta cheklangan sharoitida bor infratuzilmani vertikal o‘stirish orqali sanoat va savdoni rivojlantirish zarur. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 3-aprel kuni xalq deputatlari poytaxt kengashining majlisida ma’lum qildi, deb xabar berdi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

“Masalan, yirik bozorlarni qavat-qavat usulda kengaytirish, Yunusobod kichik sanoat zonasidagi binolarni 3−4 qavat qilib qayta qurish hisobiga qo‘shimcha maydonlarni hosil qilish imkoniyatlari mavjud”, — deyiladi xabarda.

Shavkat Mirziyoyev Vazirlar Mahkamasiga unumli foydalanilmayotgan davlat obyektlarini xatlovdan o‘tkazib, ularning o‘rnida sanoat va xizmatlarda yuqori daromadli ish o‘rni yaratadigan loyihalarni joylashtirish dasturini tasdiqlashni topshiriq qilib berdi.

Sessiyada prezident, shuningdek, Amir Temur shoh ko‘chasidagi sakkizta davlat idorasining eski binolarini rekonstruksiya qilish va savdo obyektlari, ofis va yerosti avtoturargohiga ega mehmonxonalar qurish uchun tadbirkorlarga berishni taklif etdi.

Dekabr oyida davlat rahbari bozorlarni O‘zbekistonning “tashrif qog‘ozi”ga aylantirish kerakligini aytgandi. U milliy madaniyatni aks ettiruvchi yangi zamonaviy bozor majmualari loyihasini ishlab chiqishni topshirgan.

Yanvar oyida Shavkat Mirziyoyevga tarixiy shaharlar bozorlarini sayyohlar uchun jozibador majmualarga aylantirish bo‘yicha loyihalar, shuningdek, Toshkent va boshqa shaharlardagi yangi bozorlar loyihalari taqdim etilgandi. 515 ta bozorni “tartibga keltirish” uchun alohida dastur ishlab chiqilayotgani xabar qilingan.

Fevralda prezident bosh rejalar yo‘qligi sababli O‘zbekistonda ayrim shahar va qishloqlar faqat eniga kengayayotganini aytgandi. Bu infratuzilma xarajatlari oshishiga, qishloq xo‘jaligi yerlari kamayishiga olib kelmoqda, degan prezident. U urbanizatsiya jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha konsepsiya va qonun ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq bergan.