Yangi Toshkent O‘zbekiston poytaxti taraqqiyotida navbatdagi bobni boshlab bermoqda. Davlat apparatining ko‘chirilishi “eski” Toshkentga yuklamani kamaytiradi va aholini jalb qilishning yangi markazlarini yaratadi. Biroq shaharning ikki qismini boshqarishda o‘zaro bog‘liq siyosatning yo‘qligi ekologiya, transport va jamoat infratuzilmasi uchun falokatli muammolarga olib kelishi mumkin, deyiladi IQ City Planning Tashkent hisobotida.

“Gazeta.uz” ushbu hisobot muallifi, tijoriy ko‘chmas mulk sohasida faoliyat yurituvchi Commonwealth Partnership Uzbekistan xalqaro konsalting kompaniyasi tahlillar bo‘limi rahbari Aleksey Letunovskiy bilan suhbatlashdi. U Toshkent qanday rivojlanishi mumkinligi, yanada aniqroq prognoz qilish uchun shahar haqidagi qanday ma’lumotlar yetishmayotgani va bu ma’lumotlar shaharlarning porloq istiqboli uchun nega bu qadar zarurligi xususida so‘z yuritdi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu suhbatning birinchi qismida “Gazeta.uz” CMWP Uzbekistan bosh direktori Denis Sokolov bilan bunday hisobotlarning maqsadi va ularning shahar rivojlanishiga ta’siri haqida suhbatlashgan edi.

— Aleksey, salom! Marhamat qilib, bu hisobot ustida ishlash jarayoni qanday kechgani haqida gapirib bersangiz?

— Juda qiyin. Hamma narsa ma’lumotlarning yopiqligiga borib taqaladi. Biz ishlagan Sharqiy Yevropa, Rossiya, Markaziy Osiyo shaharlari (masalan, Olmaota)da shahar haqidagi hisobotlarni tayyorlash uchun zarur bo‘lgan ochiq ma’lumotlarni topish mumkin. Ushbu baza mavjud bo‘lmagan taqdirda, eski manbalarga murojaat qilishni boshlaysiz.

Toshkent misolida 1967-yilgi bosh rejagacha o‘rganib chiqdik. Bu, hech bo‘lmaganda, shaharning zilziladan keyin qayta qurilishi paytida barpo etilgan asliyatni aks ettiruvchi oxirgi hujjat. Eng kamida, menda shunday taassurot qoldirdi. Ehtimol, bunday emasdir. Ishonchim komilki, hokimiyatda shaharni boshqarish uchun zarur bo‘lgan yangi ishlab chiqilgan hujjatlar bor, lekin ular yopiq.

Shu sababli O‘zbekistonda shahar va ko‘chmas mulk bilan bog‘liq barcha ishlar nihoyatda qiyinlashadi. Biz ma’lumotlarni tanlab olishni, bozorga insaytlar olib kirishni, yangi nimadir aytishni xohladik, lekin boshlab olish uchun hech narsa bo‘lmaganida, buni qilish deyarli imkonsiz.

aleksey letunovskiy, commonwealth partnership, shaharsozlik, yangi toshkent

Umuman olganda, mening nazarimda, biz bir necha yillar oldin qilinishi kerak bo‘lgan tadqiqot ustida ishladik. Misol uchun, aholi zichligi xaritasi deyarli har bir shaharda mavjud, uni har doim ochiq ma’lumotlar bazasidan topish mumkin. Ishonchim komilki, uch millionlik aholiga ega bo‘lgan Toshkentda ham [bunday xarita] bor, lekin yopiq.

Bu shaharni tadqiq qilishni qiyinlashtiradi. Ehtimol, bu professional deformatsiyadir, lekin men biror bir shaharga safar qilishdan oldin, aholi zichligi xaritasini va hududiy rejalashtirish hujjatlarini o‘rganaman. Aholini jalb qilish markazlari qayerda, nostandart joylar qayerda ekanligini mana shunday bilib olaman. Ko‘pgina sayyohlar uchun turistik bo‘lmagan joylar qiziq. Zichlik xaritasi ularni aniqlash imkonini beradi. Toshkentda bunday hududlar qayerda ekanligini tushunish juda qiyin.

Toshkent shahridagi qurilishlarning katta qismi yakka tartibdagi uy-joylar hissasiga to‘g‘ri kelishi bizni hayratda qoldirdi. Ajablanarlisi shundaki, shahar markazidan 10−15 daqiqa masofada bunday ko‘chmas mulk turlariga ega bo‘lish mumkin. Chunki rivojlangan shaharlarda binolarning balandligi va aholi zichligi markazdan shahar chetiga qarab pastlab boradi. Ta’kidlash joizki, Moskva bu borada istisno. Ko‘pgina sovet shaharlari kabi u nostandart zichlik taqsimotiga ega.

Yakka tartibdagi uy-joylar asosan shaharning g‘arbiy qismida joylashgan. Bu yerda ko‘p qavatli uylar juda kam. Shaharning sharqi yuqori zichlikka ega markaz bo‘lib, shahar markazidan qanchalik uzoqda bo‘lsa, qurilishlar shunchalik baland bo‘ladi. Bu zilzila xavfi bilan ham bog‘liqligi tushunarli: shaharning ayrim qismlari ko‘p qavatli qurilish uchun qulayroq, boshqalari esa mos kelmaydi.

aleksey letunovskiy, commonwealth partnership, shaharsozlik, yangi toshkent

Biroq, Toshkentning o‘sish tarixi qiziq. Odamlar bu yerga ko‘chib kela boshlaganida, shahar kengayib, umuman hech narsa bo‘lmagan bo‘m-bo‘sh joylarda ko‘p qavatli binolar qad ko‘targan. Uy-joylar asosiy ijtimoiy, transport va savdo infratuzilmasi yetarli bo‘lmagan sharoitda o‘sib borgan. Odamlar bir hududda tunab, boshqa joyda o‘qib, davolanib, ishlab, hordiq chiqarishgan.

Umid qilamizki, Yangi Toshkent bu vaziyatni muvozanatga keltiradi, qarama-qarshilik yaratadi, shahar markaziga kamroq odam qatnaydi va ko‘proq odamlar o‘z hududida mehnat qiladi.

— Toshkent qachondan bunday “15 daqiqada yetib olish imkoniyati” hisobga olinmagan holda qurila boshlangan?

— Menimcha, 90-yillarning boshidan beri. Raqamli rivojlanish departamentining binolarning balandligi va yoshini ko‘rsatadigan xaritasiga ko‘ra, “15 daqiqalik shahar” tamoyillaridan aynan 90-yillarda uzoqlasha boshlangan. Chunki bo‘sh yerlarda qurish eng oson va ular chekkada joylashgan. Agar 12−14 qavat qilib qurish mumkin bo‘lsa, albatta qurishga harakat qilishdi, chunki bu quruvchi uchun manfaatliroq. Biroq, ayni paytda bunday qurilishlar ustidan nazorat juda kam bo‘lgan.

“15 daqiqalik shahar” tamoyillari Chilonzor tumanida ozmi-ko‘pmi amal qiladi. U yerda yangi qurilishlar kam, asosan sovet, lekin shunga qaramay, sovet shaharsozlik qurilishi turar-joy qurilishi va asosiy ijtimoiy infratuzilmaning mohirona kombinatsiyasini nazarda tutgan.

aleksey letunovskiy, commonwealth partnership, shaharsozlik, yangi toshkent

Shu nuqtai nazardan, nazarimda, bugun Chilonzor tumani Toshkent shahrida yashash uchun eng qulay tumanlardan biri. Chilonzorliklar bunday deb hisoblamasliklari mumkin. Shunga qaramay, maktablar, poliklinikalar, transport, shahar markaziga kirish imkoniyati nuqtai nazaridan shunday deb o‘ylayman — sovetcha qurilish uslubi bu muvozanatni saqlab qolgan. Biroq, shahar uchun bu [muvozanat] qachonlardir yo‘qotib bo‘lingan.

— Hisobot qilishingizni qiyinlashtirgan bunday ma’lumotlar tanqisligi umuman shahar rivojiga qanday ta’sir qiladi? Masalan, sizningcha, bu mansabdorlar uchun ham noqulaylik tug‘diradimi?

— Menimcha, ma’lumotlarning ochiqligi va menda bu ma’lumotlarning yo‘qligi mansabdorlar uchun shaharni rivojlantirishda hech qanday to‘sqinlik qilmaydi. Menda yo‘q xarita mansabdorda bor, u o‘z ishini qiladi: qayerda qurish mumkin va qayerda mumkin emasligini aytishi mumkin, transport tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha qaror qabul qilishi mumkin. Biroq, ma’lumotlarning yopiqligi — shahar uchun jiddiy kamchilik.

aleksey letunovskiy, commonwealth partnership, shaharsozlik, yangi toshkent

Ma’lumotning ochiqligi fikrlar xilma-xilligini ta’minlaydi. Ular o‘z shahri uchun nimadir qilishga tayyor bo‘lgan uchinchi tomon mualliflar, tadqiqotchilar, arxitektura talabalari tomonidan tuzilishi mumkin. Ular qaror qabul qiluvchilarga qandaydir tarzda ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan qandaydir konsepsiyani ishlab chiqishlari, hududni rivojlantirish ustida bosh qotirishlari, ilmiy ish yozishlari mumkin. Hozirda biz, birinchi navbatda, talabalar va tadqiqotchilarning — o‘sha faol fuqarolarning g‘oyalarini yo‘qotmoqdamiz. Agar ular bu ma’lumotga ega bo‘lganlarida, o‘z ishlarini yaxshiroq qilishlari mumkin bo‘lardi. Biroq, ma’lumotlar mavjud emas, shuning uchun siyosat ham mumkin darajada xilma-xil emas.

— Hisobotda aytilishicha, Toshkentni megapolisga aylantirish bo‘yicha hukumat o‘z oldiga ulkan maqsadlarni qo‘ygan, Yangi Toshkent qurilishi ham shular jumlasidan. Siz hozirgi shahar siyosati shaharni rivojlantirishning “ko‘p markazlilik” modelini yaratishga qaratilganligi haqida yozgansiz. Bu qanday model, qanday afzallik va kamchiliklarga ega?

— Shaharlar bir markazli va ko‘p markazli bo‘ladi. Birinchi holda, shahar markazining shahar chekkasi bilan o‘zaro aloqasi bitta yo‘nalishda kechadi: odamlar shahar chetida yashaydi, ish, xarid qilish, xordiq chiqarish uchun markazga boradi va uyga qaytadi. Bu ham siyosiy, ham tijoriy hayot jamlangan bitta markaz. Shaharni rivojlantirishning ushbu modelida shahar markazi fuqarolar hordiq chiqarishi va ishlashi uchun yagona joy, degan tasavvur hosil bo‘ladi.

Hisobotda Yangi Toshkent ko‘p markazlilikka asoslangan rivojlanish modelini taklif qilishi mumkinligini aytib o‘tganmiz. Hozir Toshkentda yagona markazni ko‘ryapman. Nazarimda, Toshkentda tijoriy hayotning asosiy qismi, ma’muriy idoralar, biznes markazlari shartli ravishda Oybek metro bekatidan Minor metro bekatigacha bo‘lgan masofada jamlangan.

Hatto aksariyat bolalar bog‘chalari ham, masalan, markazga yaqinroq joylashgan. Bir tomondan, mahalla ichida davlat bog‘chalari va maktablarini tashkil etish qiyin ekanligi tushunarli, vaholanki biz tadqiqotda xususiy bog‘chalarni ham qamrab olishga harakat qildik. Biroq, ular shahar chekkasida ham ko‘p emas. Hammasi markazga yaqinroq joylashgan. Bundan kelib chiqadiki, o‘z hududingizda ishlagan taqdiringizda ham, bolangizni bog‘chaga olib borish uchun markazga borishingiz kerak bo‘ladi. Boshqalarining rivojlanishiga imkon bermaydigan yagona kuchli markaz mavjud bo‘lishi — mana shu bir markazga asoslangan model.

Shu bilan birga, Yangi Toshkentda, ma’muriy idoralar ko‘chirilgan taqdirda, unga tenglasha oladigan markazlarni tashkil etish imkoniyati ham mavjud. Bu biznesni shakllantirish uchun muhim massani yaratadi. Ayrim korxonalar o‘z binolarini, masalan, davlat idoralariga yaqinroq joylashtirishga harakat qilishadi. Aytaylik, davlat idoralari bilan muntazam aloqada bo‘ladigan, rahbari doimiy ravishda ma’muriy idoralarga tashrif buyurib turadigan davlat korporatsiyalari yoki korxonalar. Ularning barchasi [davlat idoralari] yaqinida ofislarga ega bo‘lishga harakat qilishadi. Va mana shu asnoda biznes uchun tijorat markazi shakllanadi.

Ushbu tuzilmani ko‘rib chiqib, hisobotga nimalar kiritilishi mumkinligi ustida bosh qotirar ekanmiz, ko‘p markazlilik, “15 daqiqalik shahar” g‘oyasi Yangi Toshkent siyosatida nihoyatda aniq aks etishi kerak, degan fikrga keldik. Biroq, u “eski” shahar bilan uzviy bog‘liq bo‘lishi kerak. Agar Yangi Toshkentga “eski"siga qaraganda kamroq mablag‘ ajratilsa, hammasi bir markazlilik modeliga qaytadi. Chekka hududdagilar markazga qatnaydi va shundog‘am hozirdanoq yuzaga kelayotgan transport muammolari yanada chuqurlashadi. Biz har 1000 aholiga to‘g‘ri keladigan avtomobillar sonining o‘sishini modellashtirdik va shuni aytishimiz mumkinki, Toshkent hali tirbandliklarda qotib qolganicha yo‘q, yuryapti.

Rejaga ko‘ra, Yangi Toshkentda 1 million, boshqa manbalarga ko‘ra esa 2 million kishi istiqomat qiladi. Biroq, qaror qabul qiluvchilar bilan muloqotlarimizga asoslanib, biz ikkinchi raqamga tayanamiz. Shuning uchun, hukumat qanday qaror qabul qilishidan qat’i nazar, o‘zgarishlar — zarur, aks holda shahar [rivojlanishdan] to‘xtab qoladi.

— Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi taqdim etilganda Yangi Toshkent 500 ming aholiga mo‘ljallanganligi aytilgan edi. 2 million qayerdan chiqdi?

— Biz kompaniya sifatida qaror qabul qiluvchilar bilan Yangi Toshkent va shaharni rivojlantirish yuzasidan tez-tez muloqot qilamiz. Biroq, bu me’yoriy rasmiyatchilik emas. Ehtimol, bu biz muloqot qiladigan odamlarning fikridir. Hisobotni biz eng ishonchli deb bilgan gap-so‘zlarga tayanib tayyorladik.

Bosh reja — bu rassomning tasavvuri. Mening tushunishimcha, u qabul qilingan me’yoriy hujjatlardan (MH) farq qiladi, chunki MH hammasini qonunchilikda belgilaydi va o‘zgartirishlar kiritish ancha qiyinlashadi.

Hozirda bosh reja uchta kompaniya tomonidan tayyorlanmoqda va hukumat ushbu loyihalardan birini tanlab oladi. Bu, aytaylik, bu yerda uchta metro liniyasi, mana bu yerda tramvay va turar joy massivlari qurilishi, bu yerdan esa daryo oqib o‘tishini ko‘rsatadigan konsepsiya va ularga ilova qilingan chiroyli suratlardan iborat bo‘ladi. Biroq bu hukumatning amaldagi xatti-harakatlari va shaharni qanday rivojlantirishi bilan hech qanday aloqaga ega emas. Ko‘pincha buni chalkashtirib yuborishadi. Ushbu bosh rejaga muvofiq, g‘oyalarni alohida uchastkalar darajasida tartibga solish uchun me’yoriy hujjatlar ishlab chiqilishi zarur.

aleksey letunovskiy, commonwealth partnership, shaharsozlik, yangi toshkent

Bizga ma’lum bo‘lishicha, bosh rejaning har uchalasi ham tayyor, ulardan biri tanlab olingan. Biroq, bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Yangi Toshkentni qurish bo‘yicha rejalar hali rasman tasdiqdan o‘tmagan. Biz transport infratuzilmasi, qurilishlar va aholi soni qanday bo‘lishini aniq aytish uchun ushbu hujjatni kutyapmiz. Chunki me’yoriy hujjat bo‘lmasa, shahar qancha aholiga mo‘ljallanganligi haqida aniq ma’lumot bo‘lishi mumkin emas.

Rasmiylar [hisobotimizni] o‘qishi, 2 million deb hisoblaganimiz ularga yoqmasligi mumkin. Hozir hammasi mish-mishlar darajasida. Hech bo‘lmaganda tavsiflovchi harakterdagi — nima va qaysi kadastr uchastkasida ishlab chiqish rejalashtirilganligi haqidagi tafsilotlarsiz — ma’lumotlar mavjud bo‘lganida edi, mish-mishlardan qochish mumkin bo‘lardi. Mish-mishlar rasmiylarning o‘ziga zarar keltiradi, ortiqcha ish orttiradi. Odamlar qayergadir yangi yo‘l tushishini eshitsayu, uning o‘rtasida uy joylashgan bo‘lsa, hokimiyat norozilik olovini o‘chirishi, hammasi hujjat bo‘yicha amalga oshirilayotganini aytib, o‘sha hujjatni ko‘rsatishiga to‘g‘ri keladi. Lekin hujjat nima uchun boshidanoq ishlab chiqilmaydi?

— Bunday tasavvurdagi ko‘rinishni ishlab chiqish uchun hali vaqt yetarli emas, deb hisoblaysizmi?

— Aslini olganda, tasavvurdagi ko‘rinish 6−9 oy ichida ishlab chiqiladi. Menimcha, rasmiylar, investorlar kirib kelishi uchun, me’yoriy hujjatlar barcha uchastkalar darajasida tayyorlanishi kerakligini yaxshi bilishadi.

— Hisobotda “tramvay” so‘zini ko‘rmadim, vaholanki avvalroq bu haqda aytib o‘tilgandi. Metro bo‘lishi va tramvay bo‘lmasligini qayerdan bilasiz?

— Bularning barchasi biz eng ishonchli deb hisoblagan shaxsiy suhbatlardan olingan ma’lumotlar. Shunga asoslanib, hisobotda ikkita metro liniyasi, aniqrog‘i, mavjud [liniya]larning davomini ko‘rsatib o‘tganmiz. Tramvay esa bog‘lovchi transport sifatida Yangi Toshkentning o‘zida ishga tushirilmoqda. Haqiqatga eng yaqini shu.

Shunga qaramay, to‘rtta metro liniyasi bo‘ladi degan versiya ham mavjud. Faqat tramvay bo‘ladi, degan versiya ham mavjud. Metropolitenga Yangi Toshkentgacha uchta metro bekati qurish bo‘yicha ko‘rsatma beradigan me’yoriy hujjat chiqmaguncha, nima bo‘lishini aniq bilmaymiz.

Asosiy muammo mana shunda. Yangi Toshkentning bosh rejasi tayyor bo‘lgan taqdirda ham u tasavvurdagi ko‘rinishligicha qolaveradi. Bu aniq sodir bo‘ladigan kelajakni me’yoriy jihatdan tartibga solish degani emas.

— Yangi Toshkent qurilsa, aholi zichligi markazi sharqqa siljiydi, deb yozgansiz. Bu nimani anglatadi?

— Zichlik markazi — bu eng ko‘p aholi uchun yetib olish eng oson bo‘lgan nuqta. Biz xaritada ikkita nuqtani olamiz, ularning har biriga qancha odam mashinada 10 daqiqada bora olishi mumkinligini taqqoslaymiz. Ayni paytda zichlik markazi Amir Temur haykali yonida, shartli ravishda Markaz-2 mavzesida joylashgan.

aleksey letunovskiy, commonwealth partnership, shaharsozlik, yangi toshkent

Yangi Toshkent qurilgandan keyin [zichlik markazi] qanchaga siljishi noma’lum, chunki buning uchun aholi sonini, Yangi Toshkentda kim yashashini bilish kerak. Zichlik markazining siljishi yangi submarkazlarni hosil qiladi. Aholining yuqori zichligi tufayli ularda kuchli savdo infratuzilmasi rivojlanishi mumkin.

Bizning ishimiz ko‘pincha savdo va biznes markazlari konsepsiyalari bilan bog‘liq. Barcha mijozlar yetib olish eng oson bo‘lgan birinchi darajali zonada — 10 daqiqalik hududda va ikkinchi darajali zonada — 20 daqiqalik hududda qancha odam yashashi; tashrif buyuruvchilar oqimi bo‘yicha ushbu savdo markazining salohiyati qanday ekanligini so‘rashadi.

Shaharning sharqida aholi soni o‘sishi juda yuqori ekanligi sabab, eng ko‘p sonli odamlar bir nuqtadan boshqasiga 10−15−20 daqiqada boradi. Uni aniqlash uchun bizga binolarning zichligi va balandligi bo‘yicha ma’lumotlar kerak. Umid qilamizki, Yangi Toshkentni rivojlantirish bo‘yicha ma’lumotlar yanada ko‘proq ochiqlanadi va keyingi hisobotda ushbu markazni aniqlash imkoniga ega bo‘lamiz.

— Nega “yetib olish” aynan avtomobilda — jamoat transportida emas, velosipedda emas?

— Chunki algoritm shunday ishlaydi. Men bu savolga javob bera olmayman. Aslida, buni turli yo‘llar bilan hisoblash mumkin. Piyoda yetib olish osonligiga asoslanib zichlik markazini hisoblash mumkin. Biroq jahon amaliyotida bu, asosan, avtomobillar misolida ko‘rib chiqiladi.

aleksey letunovskiy, commonwealth partnership, shaharsozlik, yangi toshkent

Umuman olganda, XX asr o‘rtalaridan shaharsozlik avtomobil ixlosmandlariga moslangan holda shakllana boshladi. XIX asrda But (Charlz But — ingliz sotsiologi, urbanistika bo‘yicha mutafakkir) va boshqa tadqiqotchilar davrida shakllangan shaharsozlik boshqacha edi. Biroq Amerikaning shaharlar bo‘yicha nuqtai nazari avtomobil sotsiologiyasi va unda harakatlanish asosiga qurilgan.

Agar so‘rov bo‘lsa, biz savdo markaziga piyoda 15 daqiqada qancha aholi bora olishini hisoblab chiqishimiz mumkin. Biroq, ko‘chmas mulk va shaharsozlikda algoritmning asosiy sozlamalari aynan avtomobilga moslashtirilgan.

— Bugungi tendensiyalarni hisobga olgan holda, bu qarash hozir o‘zgarmayaptimi?

— Nazariyalar juda ko‘p. Zichlik markazi — bu biz ta’sir o‘tkazolmaydigan voqelik. Shaharsozlik bizga vaziyatning farazlarga asoslangan tasavvurdagi ko‘rinishini tasvirlash imkonini beradi. Unga asoslanib amaldor siyosatni shakllantirishi mumkin. Agar u biror nuqtaga eng ko‘p sonli aholi 10 daqiqada yetib bora olishi mumkinligini ko‘rsa, u yerda mintaqaviy yirik shifoxona qurish o‘zini oqlaydi, chunki u eng kichik radiusda ko‘proq odamlarni qamrab oladi.

— Qaysi dasturlarda ishlaysiz?

— Men QGISʼda ishlashni afzal ko‘raman. Bu shahardagi turli vaziyatlarni modellashtirish imkonini beruvchi geografik axborot tizim.

— Transport, muhandislik infratuzilmasi — kanalizatsiya, suv ta’minoti tizimlari uchun turli vaziyatlarni modellashtirish imkonini beruvchi tizimlar haqida eshitganman. Siz nimani modellashtirasiz?

— Biz, masalan, aholi zichligi xaritasini modellashtiramiz. Yoki savdo markazi yaqinida qancha aholi yashayotgani yoki yashashini hisoblaymiz.

— Buning uchun sizga qanday ma’lumotlar kerak?

— Biz Open Street Map ma’lumotlaridan foydalanamiz. Bu tizim turli poligonlardan ochiq ma’lumotlarni olish va ularni istalgan mamlakatning istalgan shahri uchun yuklab olish imkonini beradi. Poligon — bu binoning, uning pastki qavat bo‘ylab perimetrining yuqoridan ko‘rinishi.

NextGIS bor, unda Open Street Map ma’lumotlari allaqachon qayta ishlangan holatda bo‘ladi. Chunki Open Street Map xaritalari butun dunyo bo‘ylab ko‘ngilli shahar aholisi tomonidan yaratilganligi uchun unda xatoliklar uchrashi mumkin.

NextGISʼda qurilishlar, avtomobil va temir yo‘llari, yashil maydonlarni aks ettiradigan asosiy ma’lumotlar to‘plami mavjud. Shuningdek, avtobus va tramvay bekatlari, metro, do‘konlar — asosan 2GIS yoki Yandex Mapsʼda bo‘lgan hamma narsani topish mumkin.

aleksey letunovskiy, commonwealth partnership, shaharsozlik, yangi toshkent

Ko‘cha savdosi bo‘yicha hisobot tayyorlaganimizda, [NextGISʼning] tijorat infratuzilmasi, ya’ni do‘konlar bo‘yicha asosiy to‘plamdan foydalanganmiz. Avvaliga ular xaritaga qo‘yiladi, shundan so‘ng odamlarimiz ko‘chalarni aylanib, mana shu do‘kon bor yoki yo‘qligi, [o‘rniga] boshqa narsa ochilganmi, ochilgan bo‘lsa, nima ekanligini tekshirib ko‘rishdi. Shunday qilib, biz real voqelik xaritasini yaratamiz.

Open Street Map va hatto NextGIS ma’lumotlari har doim ham aniq bo‘lmagani uchun ularga aniqlik kiritish talab etiladi. Vaholanki, bu ko‘p jihatdan ma’lumotlarning qay darajada ochiqligiga bog‘liq. Aytaylik, Rotterdam, London va Dubayda ishlayotgan hamkasblarim asosiy ma’lumotlarning aniq to‘plamini yuklab olishlari va ularga bemalol ishonishlari mumkin.

Yevropada bunday to‘plamlar ko‘proq ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi — 100−150 toifagacha. Jeneva bo‘yicha ishlaganmizda, shunchalik ko‘p ma’lumot ko‘rganmanki, bu darajada ko‘p ma’lumotni avval sira ko‘rmagandim. U yerda barcha turdagi ma’lumotlar yig‘ilgan va hammasi ochiq. Tadqiqotchi qanday nazariyani yaratmoqchi bo‘lsa, istalganini topa oladi. Toshkent uchun juda primitiv hisobot tayyorlagan bo‘lsak, Jenevada odamlar, ularning xatti-harakatlari, transport faoliyati va umuman davlat siyosati qanday shakllanayotgani haqida farazlarni shakllantirishimiz mumkin edi.

aleksey letunovskiy, commonwealth partnership, shaharsozlik, yangi toshkent

Ya’ni, ko‘proq fikrlar shakllanishi mumkin. Bularning barchasi muhokama qilinishi kerakligi aniq va shaharsozlar uchun ushbu fikrlarni muhokama qilish imkonini beradigan idoralar yoki platformalar zarur.

Adashmasam, bunday tashkilot shakllana boshladi. Bu mahalliy arxitektorlar tomonidan yaratilgan “Shaharsozlik to‘lqini”. Bu o‘z fikr-mulohazalaringizni baham ko‘rishingiz mumkin bo‘lgan munozara maydoni. Bu juda muhim. Bu fikrlarning shakllanishida esa ma’lumotlarning ochiqligi muhim.

Fikrlar shaharga zarar yetkazmaydi, ular faqat foyda keltiradi. Chunki xilma-xillik va fikrlar xilma-xilligi mavjud bo‘lganda, shaharni boshqarish bo‘yicha davlat siyosati yoki munitsipal siyosatni har doimgidan ko‘ra aniqroq shakllantirish mumkin.

Ochiq ma’lumotlardan foydalangan holda hatto, shahar taqdiriga befarq bo‘lmagan talaba, keyinchalik shahar siyosati darajasida muhokama qilinishi mumkin bo‘lgan qiziqarli natijalarga erishishi mumkin. Va bunday ochiq ma’lumotlar to‘plamlari qanchalik ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi.

“Toza” ma’lumotlar hech qayerda yo‘q. Kachondir mutlaqo tasdiqlangan ma’lumotlar beriladi, deb o‘ylamaslik kerak. Muayyan ma’lumotlar to‘plamini nashr qilishni taqiqlovchi qonunlar har doim va hamma joyda bo‘lgan. Bu milliy xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish nuqtai nazaridan to‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Biz bu masalada bahslashmaymiz.

Biroq, rivojlanish va xavfsizlikka hech qanday [salbiy] ta’sir ko‘rsatmaydigan ma’lumotlar to‘plamlari mavjud. Ularning jamoat mulki bo‘lishini, biz ularni yig‘ish uchun bunchalik ko‘p vaqt va kuch sarflamasligini istardim.

Ilgari Rossiyada ishlagan vaqtimda, bu haqda bir hazil bor edi. “Amerikada GIS tahlilchisi algoritmlar bilan ishlashni va ular qanday ishlashini o‘rganadi. Rossiyada esa GIS tahlilchisi — bu ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va tozalashni o‘rganadigan odam, shundan so‘nggina u boshqa bir aqlli odam yozgan algoritmdan foydalanadi”.

— Sizningcha, bu hisobotlar nima uchun kerak?

— Shaharni fundamental darajada tushunish uchun. Investitsion tahlilchi qaysi shahar va mamlakatga investitsiya kiritishni tanlar ekan, dastlab chuqur ma’lumotlarga qaramaydi. Birinchi qatlam — bu reytinglar. Reytinglarni ochdi, qaysidir mamlakatni ko‘rdi, uni batafsilroq ko‘rib chiqishni xohladi va chuqurroq izlanib, ma’lumotni saralashni boshladi.

Biroq, agar bizda shaharda nima sodir bo‘layotgani, bu nima uchun va nimasi bilan investorni qiziqtirishi mumkinligi, qanday xavf va muammolar mavjud ekanligi haqidagi asosiy ma’lumotlarning ommaga ochiq yuqori qatlami bo‘lmasa, rivojlanish mumkin bo‘lganidan sekinroq kechadi.

Biz hisobotlarimizni investorlar uchun ingliz tiliga, fuqarolar uchun esa o‘zbek tiliga tarjima qilamiz. Ularni rus tilida yozamiz. Shunday qilib, dunyoning bir qismini, Toshkent haqida bilishlari uchun, mana shunday qamrab olamiz. Menimcha, bu ajoyib. Bu esa investor uchun birlamchi ma’lumotlar bilan tanishish, shaharni yanada chuqurroq o‘rganish uchun unda qiziqish uyg‘otish, potensial rezident uchun esa qulay harakatlanish imkonini beradi.