29-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga xorijiy ekspert va investorlar ishtirokida kamyob metallarni qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha 500 mln dollarlik istiqbolli loyihalar dasturini shakllantirishni topshirdi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Unda davlat rahbari muhim xomashyo — litiy, grafit, indiy, vanadiy, reniyning mavjud konlarini o‘zlashtirish va yangi konlarni ochishni kengaytirish muhimligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda, shuningdek, O‘zbekistonda ilgari mavjud bo‘lmagan kukunli metallurgiya sanoatida 300 mln dollarlik, asbob-uskunalar va butlovchi qismlar sohasida yiliga 100 mln dollarlik mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etish rejalari ham muhokama qilindi.

“Yaqinda Yevropa Ittifoqi bilan muhim minerallar bo‘yicha erishilgan kelishuv bu borada katta bozor ochadi”, — deyiladi yig‘ilishda.

Prezident, shuningdek, Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ishlab chiqarish tannarxini 10−15 foizga pasaytirish, sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirishni kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Qimmatbaho metallar bo‘yicha ilg‘or texnologiyalar ilmiy markazini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyi boshida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida muhim xomashyo sohasida barqaror qiymat zanjirlarini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangandi. Bu O‘zbekistonning tog‘-kon sanoatini rivojlantirishga yordam beradi hamda YeIga mis va molibden kabi foydali qazilmalarga yo‘l ochish imkoniyatini yaratadi.