29-aprel kuni soat 17:00 atrofida Samarqand shahrida Сobalt voyaga yetmagan qizni urib yubordi, deya xabar bermoqda Samarqand viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, shaharning O‘zbekiston ko‘chasida Сobalt haydovchisi yo‘lning belgilanmagan qismidan o‘tayotgan 8-sinf o‘quvchisini urib yuborgan. Oqibatda qiz tan jarohatlari olib, shifoxonaga davolanish uchun yotqizilgan.

Holat yuzasidan dastlabki surishtiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida yuqori tezlikda harakatlangan Gentra haydovchisi yo‘l chetidagi ikki o‘quvchini urib yuborgandi. YTH oqibatida bolalar vafot etgan, shuningdek, mashina urib ketgan qoramol ham nobud bo‘lgan.

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida esa piyodalar o‘tish yo‘lagidan o‘tayotgan 1-sinf o‘quvchisini yuqori tezlikda kelayotgan Damas urib yuborgan. Oqibatda bola shifoxonada vafot etgan, haydovchi qamoqqa olingan.