Isroil 6-may, dushanba kuni tinch aholini G‘azo sektori janubidagi Rafah shahrining bir qismidan chiqib ketishga chaqirdi, deb xabar bermoqda Reuters agentligi. Bu 1 milliondan ortiq falastinlik qochqinlar yashaydigan shahardagi HAMAS boshpanalariga uzoq kutilgan hujumga tayyorgarlik sifatida ko‘rilmoqda, deb yozdi agentlik.

Reuters agentligining guvohlarga tayanib yozishicha, falastinliklar shahardan 20 km uzoqlikdagi “kengaytirilgan gumanitar hudud"ga ko‘chib o‘tish bo‘yicha ko‘rsatmalar yozilgan arabcha matnli xabarlar, telefon qo‘ng‘iroqlari va varaqalar ola boshlagan. Ba’zi oilalar allaqachon yo‘lga chiqqan.

Times of Israel nashrining aniqlik kiritishicha, evakuatsiya Rafahning sharqiy tumanlaridan shu atrofdagi Xon Yunus va Al-Muvass dala kasalxonalari va chodir shaharlariga amalga oshirilmoqda.

Isroil Mudofaa kuchlari (SAXAL) Rafahda rejalashtirilgan operatsiyaning “ko‘lami cheklangan” bo‘lishini bildirdi, ammo hech qanday muddat haqida ma’lumot bermadi. Isroil harbiylarining hisob-kitoblariga ko‘ra, evakuatsiya 100 mingga yaqin odamga ta’sir qiladi, deb ta’kidlaydi Reuters.

G‘azo sektorini nazorat qiluvchi Falastinning HAMAS guruhi vakili SAXALning Rafahni evakuatsiya qilish haqidagi buyrug‘ini “xavfli eskalatsiya” deb atadi.

Isroil so‘nggi bir necha oydan beri Rafahga quruqlikdan hujum uyushtirish bilan tahdid qilib kelmoqda. Isroil rasmiylariga ko‘ra, shaharda minglab HAMAS jangarilari va o‘tgan yilning 7-oktabrida Isroilga hujumi chog‘ida guruh tomonidan asirga olingan, ehtimol, o‘nlab isroilliklar jon saqlamoqda.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham Rafahda operatsiya o‘tkazmay turib, HAMASni yengish mumkin emasligini ta’kidlamoqda. SAXAL shaharda HAMASning 4 ta harbiy bataloni borligini, qolgan 20 tasi allaqachon yo‘q qilinganini da’vo qilmoqda.

Tinch aholi o‘rtasida ko‘p sonli qurbonlar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan operatsiya ehtimoli Isroil va HAMAS o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarining yangi bosqichida vositachilik qilayotgan G‘arb davlatlari va qo‘shni Misrni xavotirga solmoqda.

Rafahga ehtimoliy hujum, shuningdek, Isroil va AQSh o‘rtasida noodatiy oshkorona kelishmovchilikni keltirib chiqardi. Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin bilan telefon orqali suhbatda garovga olinganlarni ozod qilish va vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha “ko‘p sonli sa’y-harakatlar” natija bermaganini va Tel-Avivning Rafahda operatsiya boshlashdan boshqa “iloji” qolmaganini aytdi.

New York Times gazetasining yozishicha, Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralarning so‘nggi bosqichi “to‘xtab qolgan” va HAMAS delegatsiyasi kelishuv muhokama qilinayotgan Qohirani tark etgan. Nashrning yozishicha, muzokaralarda asosiy to‘siq sulhning amal qilish muddati bo‘lgan: HAMAS bu doimiy bo‘lishini ta’kidlamoqda, Isroil bosh vaziri esa faqat harbiy harakatlarni vaqtinchalik to‘xtatishga tayyorligini bildirgan.

Yakshanba kuni Netanyaxu Isroil qo‘shinlarining G‘azodan to‘liq olib chiqilishiga va urushni to‘xtatishga rozi bo‘lmasligini takrorladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday talablarning ma’qullanishi HAMASga G‘azo ustidan yana nazorat o‘rnatish, harbiy salohiyatini tiklash va Isroil fuqarolariga tahdid qilish imkonini beradi.