AQSh Federal aviatsiya boshqarmasi (FAA) Boeing xodimlari 787 Dreamliner samolyotiga oid texnik hujjatlarni qalbakilashtirgan bo‘lishi mumkinligi ma’lum bo‘lgach, kompaniyaga nisbatan yangi tekshiruv boshladi, deb xabar bermoqda Reuters.

Regulyator Boeing 787 Dreamliner samolyotlarining qanot-fyuzelyaj tutashuvlarida bog‘langanlik va yerga ulanganlik to‘g‘ri amalga oshirilganini tasdiqlash uchun tekshiruvlarni yakunlagan yoki yo‘qligini aniqlamoqda.

Korporatsiya allaqachon ushbu seriyadagi barcha samolyotlarni qayta tekshirmoqda va ekspluatatsiya parkidagi aniqlangan nosozliklarni bartaraf etish rejasini ishlab chiqmoqda, deya qo‘shimcha qildi FAA.

Boeing avvalroq FAA`ga uning bir qancha xodimlari “kerakli sinovlarni o‘tkazmay turib, ishni tugallaganini qayd etib, kompaniya siyosatini buzgani” haqida ma’lum qilgan edi, deb yozdi Reuters 787 Dreamliner dasturi rahbari Skott Stokerning ushbu samolyotlar yig‘iladigan Janubiy Karolinadagi xodimlariga yo‘llagan xatiga tayanib. “Bizning muhandislik guruhimiz ushbu qoidabuzarlik aviatsiya xavfsizligiga bevosita tahdid solmagan, degan xulosaga keldi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Aprel oyida Boeing kompaniyasi “bir nechta asosiy komponentlar” uchun qismlar yetishmayotgani sababli Boeing 787 Dreamliner samolyotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish sekinlashishi kutilayotganini ma’lum qilgandi, deya ta’kidladi Reuters.

Mart oyi oxirida Boeing aviakompaniyasi samolyot xavfsizligi bilan bog‘liq bir qator mojarolar fonida o‘z rahbariyatida jiddiy o‘zgarishlarni e’lon qilgandi. So‘nggi baxtsiz hodisa yanvar oyida bo‘lgan: Alaska Air aviakompaniyasining 737 MAX 9 samolyotidagi eshik paneli parvoz paytida chiqib ketgandi. Tekshiruv shuni ko‘rsatdiki, unda to‘rtta murvat yo‘q bo‘lgan. Shundan so‘ng FAA darhol 737 MAX 9 samolyoti ekspluatatsiyasini to‘xtatgan, ammo keyinroq parvozlarni davom ettirishga ruxsat bergan.