Yevropa iqlim xizmati Copernicus hisobotiga ko‘ra, 2024-yil apreli butun dunyo bo‘ylab kuzatuvlar tarixidagi eng issiq aprel oyi bo‘ldi, meteorologlar ketma-ket 11-oy harorat rekordini qayd etdi.

Copernicus`ning ma’lum qilishicha, aprel oyida sayyora yuzasida o‘rtacha harorat Selsiy bo‘yicha 15,03 darajani tashkil qilgan — bu 2016-yil aprelida o‘rnatilgan avvalgi maksimal ko‘rsatkichdan 0,14 darajaga yuqori.

Oxirgi 12 oy davomida (2023-yil may — 2024-yil aprel) global o‘rtacha harorat ham tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichga chiqdi. Bu 1850−1900-yillardagi sanoatgacha bo‘lgan davrga nisbatan 1,61 daraja yuqori bo‘ldi.

Sharqiy Yevropa, Shimoliy Amerikaning bir qismi, Grenlandiya, Sharqiy Osiyo, Shimoliy-G‘arbiy Yaqin Sharq, Janubiy Amerikaning bir qismi va Afrikaning katta qismida o‘rtacha haroratdan yuqori harorat kuzatildi.

“El-Nino kabi tabiiy sikllar bilan bog‘liq bo‘lgan harorat o‘zgarishlari kelib-ketib tursa-da, issiqxona gazlari konsentratsiyasining ortishi tufayli okean va atmosferaga qoplangan qo‘shimcha energiya global haroratni yangi rekordlarga ko‘tarishda davom etadi”, — dedi Copernicus direktori Karlo Buontempo.

2024-yilning yanvar, fevral va mart oylari ham kuzatuvlar tarixidagi eng issiq oylar sifatida tan olingan. Olimlarning fikricha, joriy yil 2023-yildagi rekord yildan ham issiqroq bo‘lishi mumkin.

O‘zgidrometning xabar berishicha, o‘tgan aprel oyi O‘zbekistonda ham iqlimiy ko‘rsatkichlardan issiqroq bo‘lgan. Havoning o‘rtacha oylik harorati respublikaning aksariyat hududlarida 1−2 daraja iliq, Qoraqalpog‘iston, Xorazm viloyati va cho‘l zonasida me’yordan 3−5 daraja yuqori bo‘lgan.