10-may kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda barcha joylarda “Sayxunobod tajribasi”ni jadallashtirish muhokama qilindi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

“Bu borada boshlangan ishlar natijasida aprel oyini o‘zida 365 ming aholi bandligi ta’minlandi va tadbirkorlikka jalb qilindi. Banklar o‘z mijozlarining muammolarini hal qilib, 115 ming aholiga ishli bo‘lishga ko‘maklashdi”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, mahallalarda 70 mingta mikroloyiha amalga oshirildi, 465 ming gektar tomorqa yerlariga ekin ekildi.

Davlati rahbari, o‘z navbatida, “Sayxunobod tajribasi” doirasidagi ishlar hamma hududlarda ham birdek tashkil qilinmayotganini ko‘rsatib o‘tdi. 7 ta tuman o‘rganilganda 17 ta mahallada ishlar sustligi aniqlangan.

Shuningdek, ishga tushgani aytilgan mingdan ziyod xonadondagi mikroloyihalar joyida o‘rganilganda 76 tasi yoki 7 foizi o‘z tasdig‘ini topmagan.

Shu bois sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun tuman darajasidagi 382 nafar mas’ullar ishdan olingan.

“Sayxunobod tajribasi” nima o‘zi?

14-mart kuni Sirdaryoda o‘tgan yig‘ilishda prezident mazkur tajriba butun respublikada ommalashtirilishini aytgandi. Unga ko‘ra, Sayxunobodda ilk bor yangi tajriba: mahallalarning har biriga bittadan mini traktor, 4 tadan motokultivator olib berilgan. Hokim yordamchilari “1 sotix tomorqadan kamida 1−2 million so‘m daromad” degan mezon asosida aholi uchun biznes reja ishlab chiqadi, agronomlar bilan birga ushbu texnikalar hisobidan tomorqa yerlarini haydash va ekin ekish xizmatlarini ko‘rsatadi.

Avvalroq prezident Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlari hokimlari bilan uchrashuvda mahallalarda “Sayxunobod tajribasi”dan foydalanish topshirig‘ini bergandi. Bunda asosiy e’tibor tomorqa va xonadonlar imkoniyatlaridan foydalanishga qaratiladi.