Davlat xavfsizligi xizmati O‘zbekiston bo‘ylab prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, advokat va boshqalarni pora olishda gumonlab qo‘lga oldi.

Xususan, Jizzax viloyati prokuraturasining bo‘lim prokurori Jizzax shahrida yashovchi, 1975-yilda tug‘ilgan fuqaroni muqaddam Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan sudlanganlik holatini o‘zining vakolatli hamkasbi orqali olib tashlashni va’da qilib, evaziga 1000 AQSh dollari va 1 dona Samsung Galaxy S24 Ultra rusumli telefon apparatini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Toshkent shahri Yakkasaroy tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tergovchisi va 2 nafar surishtiruvchisi o‘zaro til biriktirib, xizmat mavqeyidan foydalangan holda, bo‘lim ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchiga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llamaslik hamda uning harakatlarini Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismidan (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) 276-moddasining 2-qismi “a” bandiga (Ko‘p miqdorda giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) qayta malakalash evaziga, ayblanuvchining tanishi Q.O. orqali 7 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlandi.

Toshkent shahrida yashovchi, 1967 va 1970-yillarda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan 2 nafar shaxs 1980-yilda tug‘ilgan fuqaroning ishonchiga kirib, unga nisbatan IIV huzuridagi Tergov departamenti ish yurituvidagi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini prokuratura organlaridagi tanishlari orqali uning foydasiga ijobiy hal qilib berish va “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llamaslik evaziga 50 ming AQSh dollari talab qilishadi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda firibgarlardan biri, ya’ni, 1970-yilda tug‘ilgan shaxs so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlandi. Hozirda ularni prokuratura tizimidagi tanishlarining shaxsiga aniqlik kiritish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Namangan shahridagi advokatlar hay’ati advokati viloyat IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 168 va boshqa moddalari bilan qo‘zg‘atilib, hozirda JIB Namangan shahar sudida ko‘rib chiqilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchiga nisbatan sud organlaridagi tanishlari orqali ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanishiga yordam berish evaziga 10 ming AQSh dollari talab qilib, 8 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Ta’kidlash lozimki, advokat muqaddam Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan sudlangan shaxs hisoblanadi.

Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.