Toshkent shahri Uchtepa tumanida “Zil” yuk mashinasi 3 yoshli bolani urib ketdi. Bu haqda “Millar” dasturida ma’lum qilindi.

Yo‘l-transport hodisasi Uchtepa tumani Ko‘kcha darvoza ko‘chasida soat 17:00 atrofida sodir bo‘lgan (xabarda voqea sanasiga aniqlik kiritilmagan). 2021-yilda tug‘ilgan bola xususiy bog‘chadan chiqib, yo‘ldan o‘tayotganda uni “Zil” rusumli yuk mashinasi urib yuborgan. Oqibatda jabrlanuvchi voqea joyida vafot etgan.

“Taxminan 17:00 lar atrofida [bola] bog‘chadan chiqib kelib, uyga ketayotgan bo‘lgan. Bola yo‘lning narigi tarafidagi akasini ko‘rgach, mashina yo‘liga yugurib chiqqan. “Zil”ning haydovchisi ham ko‘rmagan”, — dedi guvohlardan biri.

Holat yuzasidan tergovga qadar dastlabki surishtiruv ishlari boshlangan.