Qoraqalpog‘istonda fuqaroni mansab vakolatidan foydalangan holda javobgar qilmoqchi bo‘lgan ichki ishlar boshqarmasi mansabdori tovlamachilikda ayblanmoqda. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Qo‘ng‘irot tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari bu harakatlarni amalga oshirmaslik evaziga fuqarodan iPhone 15 Pro Max telefonini talab qilgan. Shundan so‘ng fuqaro Davlat xavfsizlik xizmati Qoraqalpog‘iston boshqarmasiga murojaat qilgan va uni javobgarlikka tortishni so‘ragan.

Murojaatchining bildirishicha, tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari, jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i, mayor unvoniga ega mansabdor uning shaxsiy sirini bilishini, agar unga so‘ralgan telefonni olib kelmasa, o‘sha sirni fosh qilib, o‘zini javobgar qilmoqchiligini aytgan.

Xodim fuqarodan telefonni olayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Avvalroq Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida tergov bo‘limi tergovchisi va 2 nafar surishtiruvchisi o‘zaro til biriktirib, fuqarodan 7 ming dollar pora olgan vaqtida ushlangani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, DXX prokuror, advokat hamda boshqalarni pora olganlikda gumonlab qo‘lga olinganini ma’lum qilgan.