Toshkent shahrida yilning dastlabki besh oyida rasman 393 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan bo‘lib, ularda 29 kishi halok bo‘lgan, 364 kishi turli darajadagi jarohatlar olgan. Bu haqda poytaxt IIBB xabar qildi.
YTHlarning 61 foizi yoki 240 tasi piyodalar ishtirokida sodir etilgan. Xabarda qayd etilishicha, ularning 99 foizi haydovchilarning yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmasligi va piyodalarning yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tishi sabab vujudga kelgan.
Poytaxt IIBB boshlig‘i Aziz Toshpo‘latov har bir YTH o‘chog‘ini tahlil qilish, tahlil asosida zarur chora-tadbirlar ishlab chiqish, shuningdek, haydovchilar va piyodalar o‘rtasida profilaktika-targ‘ibot choralarini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Tahririyatdan: Xabarda infratuzilmadagi ko‘plab kamchiliklar, xususan, belgilar yetishmovchiligi va noto‘g‘ri o‘rnatilgani, svetoforlar mavjud emasligi, noto‘g‘ri o‘ylangan chiziqlar va piyodalar yo‘laklari va hokazolar qayd etilmagan.