22-iyun kuni Toshkent viloyati Parkent tumanida yuk avtomobili ishtirokida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat YHXB xabar qildi.

Qayd etilishicha, soat taxminan 11:30 da tuman hududidan o‘tgan 4R15 “Qiziltog‘-Parkent-Yangibozor” avtomobil yo‘lining 56-kilometrida (Markaziy bozor qarshisida) 24 yoshli haydovchi R.N. “KamAZ”ni boshqarib ketayotib, oraliq masofani saqlamagan va harakat tezligini nazorat qila olmay, o‘zi bilan bir yo‘nalishda bo‘lgan 2 ta Cobalt, Spark va Lacettiga urilgan.

Tarqalgan videolavhada “KamAZ” borib urilgan mashinalar piyodalar o‘tish joyida odamlarga yo‘l berish uchun to‘xtagani, YTH ro‘y bergach, bir piyoda mashinadan qocha olganini ko‘rish mumkin.

Ushbu hodisa oqibatida hech kim jarohat olmagani, tuman IIB yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.