2024-yilning 5 oyi davomida yo‘l-transport hodisalari oqibatida 65 nafar o‘quvchi halok bo‘ldi. Bu haqda 25-iyun kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9548 tasi transport qatnovi ko‘p hududlarda joylashgan. Aksariyat maktablar oldida piyodalar uchun yo‘laklar mavjud emas, tegishli svetoforlar o‘rnatilmagan.

Oqibatda o‘tgan davr mobaynida jami 359 nafar o‘quvchi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Ularda 65 nafar o‘quvchi halok bo‘lgan, 294 nafar o‘quvchi turli darajada tan jarohatlari olgan.

2023-yilda esa bolalar bilan bog‘liq 1794 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 1568 nafar bola jarohatlangan va 263 nafar bola halok bo‘lgan.

2024-yilning yanvar-may oylarida esa mamlakat bo‘yicha sodir bo‘lgan umumiy yo‘l-transport hodisalarining soni har 100 ming aholiga 7,2 tani tashkil etgan. Xususan, Toshkent shahrida 12,8 ta, Toshkent viloyatida 12,2 ta, Namangan viloyatida 9,1 ta va Farg‘ona viloyatida 8,4 taga yetgan.

O‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining salmog‘i Samarqand, Toshkent (80 tadan), Farg‘ona (69 ta), Qashqadaryo va Surxondaryo (53 tadan) viloyatlarida hamon yuqoriligicha qolmoqda.

Hodisalarning kelib chiqish sabablari tahlil qilinganda ma’lum bo‘ldiki, ularning 57 foizi yo‘l infratuzilmasidagi kamchiliklar hamda 43 foizi haydovchi tomonidan yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida sodir etilgan. Sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalarining 53,7 foizi piyoda va velosipedchilar bilan bog‘liq holatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

2023-yil va 2024-yilning 5 oy davomida Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining mas’ul xodimlari tomonidan yo‘l infratuzilmasi bilan bog‘liq qariyb 11 ming kamchiliklar aniqlangan bo‘lib, ularni bartaraf etish yuzasidan avtomobil yo‘llari egalariga jami 5, 5 mingta yozma ko‘rsatma va taqdimnomalar kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, birgina aprel oyining o‘zida Jizzax viloyatida yuqori tezlikda harakatlangan Gentra haydovchisi urib yuborgan ikki o‘quvchi, Qashqadaryo viloyatida yuqori tezlikdagi Damas urib yuborgan 1-sinf o‘quvchisi, Navoiy viloyatida Matiz avtomashinasida YTHga uchragan 3 nafar o‘quvchidan 2 nafari vafot etgan.

1-iyuldan boshlab bosqichma-bosqich to‘rt va undan yuqori tasmali yo‘llardagi piyodalar o‘tish joylari, xususan, maktablar yaqini va boshqa joylarda yo‘l harakati qoidabuzarliklarini qayd etuvchi kameralarni o‘rnatish boshlanishi xabar qilingandi.

Hududlarda yo‘llarga bolalarning maketlarini o‘rnatish xavfsizlikni ta’minlashning yechimi sifatida ko‘rilishda davom etmoqda. Bu kabi holatlar Xorazm, Jizzax va Toshkent viloyatlarida uchraydi. Biroq mutaxassislar buni nafaqat foydasiz, balki zararli deb atamoqda.