Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahri va viloyatida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazgani haqida xabar berdi.

Qayd etilishicha, reyd davomida Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi xonadonda yashirin narkolaboratoriya tashkil etgan Ukraina (26 yosh, ayol) va Ozarbayjon (23 yosh, erkak) fuqarolari aniqlandi.

Ular vaqtincha istiqomat qilayotgan uydan 411 gr “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasi, 7 kg ga yaqin yarimtayyor narkotik moddalar hamda 237 kg prekursorlar borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchilar xorijdan keltirilgan xomashyolar yordamida sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlash va sotish bilan shug‘ullangan.

Toshkent shahri Sergeli tumanida qayd etilgan holatda esa qo‘shni respublikadan (qaysi davlat ekani aytilmagan — tahr.) xalqaro yo‘lovchi tashuvchi avtobus orqali yuborilgan 4,8 kg “Alfa-PVP” sintetik narkotikni qabul qilib olgan 39 yoshli erkak qo‘lga olindi.

giyohvandlik vositalarining noqonuniy айланмаси, дхх, narkodo‘kon, narkolaboratoriya

Aniqlanishicha, u Telegram messenjerida faoliyat yurituvchi narkodo‘kon uchun ombor vazifasini bajarib kelgan.

Boshqa holatda esa Yunusobod tumanida yashovchi 25 yoshli yigit o‘z xonadoni yaqinida joylashgan elektr transformatori ostiga kelgusida sotish maqsadida 584 gr gashish moddasini yashirib qo‘ygani ma’lum bo‘ldi.

giyohvandlik vositalarining noqonuniy айланмаси, дхх, narkodo‘kon, narkolaboratoriya

Narkotik modda protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Keltirilishicha, fuqaro Telegram`da narkodo‘kon tashkil qilib, xorijdan olib kelingan giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullangan.

Hozirda uchala holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilarga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.