Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida qo‘shni davlatdan “gashish” moddasini olib kirgan fuqarolar qo‘lga olindi, deya xabar qildi DXX.

Xususan, Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat IIB bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, tojikistonlik narkosavdogar aylanma yo‘llar orqali yuborgan 11 kg 942 gr “gashish” moddasini qabul qilib olib, Sho‘rchi tumanidagi to‘yxona yaqinida joylashgan simyog‘och ostiga yashirib ketmoqchi bo‘lgan vaqtlarida, o‘zaro qarindosh hisoblangan 2 nafar mahalliy fuqaro qo‘lga olindi.

Shuningdek, ular ushbu moddani belgilangan joyga qoldirib ketganlaridan so‘ng, uni boshqa shaxs olib ketishi kerakligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi va giyohvandlik vositasini xufiya joydan olish uchun kelgan Uzun tumanida yashovchi fuqaro ham ushlandi.

Avvalroq Tojikistonning Tursunzoda tumanida yashovchi Tojikiston fuqarosi mamlakatga kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 3 kg 980 gr “opiy” moddasini Sho‘rchi tumanida xaridorga 17 500 AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangani to‘g‘risida xabar berilgan edi.

Shu tariqa o‘zbek-tojik davlat chegarasining Sho‘rchi yo‘nalishidagi narkokanal faoliyatiga chek qo‘yildi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Qo‘qon-Farg‘ona yo‘nalishida harakatlanayotgan Tracker rusumli avtotransport vositasi Bog‘dod tumanida to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, unda Farg‘ona shahrida yashovchi 3 nafar shaxs 11 kg 966 gr “gashish” moddasini olib ketayotgani aniqlanib, protsesssual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, ularni boshqa avtomashinada kuzatib borayotgan va giyohvandlik vositasining haqiqiy egasi bo‘lgan, Farg‘ona shahrida yashovchi er-xotin ham qo‘lga olindi.

Mazkur er-xotin muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyatlari uchun sudlangan shaxslar hisoblanadi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, ular Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan ajal og‘usini Qo‘qon shahrida yashovchi ayoldan sotib olgani aniqlanib, u ham protsessual tartibda ushlandi.

Boshqa holatda esa Qo‘qon-Marg‘ilon yo‘nalishida harakatlanayotgan Nexia rusumli avtotransport vositasi Qo‘shtepa tumani hududida to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Qo‘qon shahrida yashovchi ayolga tegishli 1 kg 941 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Tojikistondan keltirilgan mazkur giyohvandlik vositasi ham yuqoridagi holatda ko‘rsatilgan, ya’ni Qo‘qon shahrida yashovchi ayolga tegishli bo‘lib, uni Marg‘ilon shahriga sotish uchun olib ketayotgan bo‘lgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.