Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 25-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda “O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalarni qabul qildi (video).

Parlament quyi palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi o‘rinbosari Kozimjon Tojiyev ushbu hujjat “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi va “Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi yangi qonunlarda, shuningdek, yangi Konstitutsiyada belgilangan normalarni mazkur qonunda aks ettirish maqsadida ishlab chiqilganini ma’lum qildi.

Qonunda Davlat xavfsizlik xizmatining kiberxavfsizlikni ta’minlashga, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritishga doir vakolatlari davlat organining asosiy qonunida mustahkamlanmoqda.

Birinchi o‘qishda hujjatga 104 deputat ovoz berdi, hech kim betaraf bo‘lmadi va unga qarshi chiqmadi.

Parlament a’zosi ushbu o‘zgartirishlarni darhol ikkinchi o‘qishda qabul qilishni taklif qildi.

O‘zLiDeP deputati Doniyor G‘aniyev “Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi qonunning 44-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, bosh prokuror va unga bo‘ysunuvchi prokurorlar o‘z vakolatlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining faoliyatida qonunlarning to‘g‘ri va bir xilda ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishi yuzasidan savol berdi.

Mazkur moddaga Davlat xavfsizlik xizmati faoliyatini tashkil etish usullari, shakllari va maxsus vositalari haqidagi ma’lumotlarni prokuror nazorati predmetidan chiqarib tashlash nazarda tutilgan uchinchi qism qo‘shilmoqda.

“Bu norma qo‘shiladigan bo‘lsa, mazkur moddaning birinchi qismiga zid bo‘lmaydimi? Agar ushbu ma’lumotlar prokurorga nazorat qilish uchun taqdim etilmagan bo‘lsa, prokuratura organlari xodimlari o‘z vakolatlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati faoliyatida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan qanday nazoratni amalga oshiradilar, agar ushbu ma’lumotlar ularning nazorati predmetiga kiritilmagan bo‘lsa?” — so‘radi Doniyor G‘aniyev.

Kozimjon Tojiyev Davlat xavfsizlik xizmatining protsessual harakatlari prokuratura nazorati obyekti bo‘lib qoladi, deb javob berdi. Unga ko‘ra, o‘zgartirishlar faqat xizmat faoliyatini amalga oshirishning usullari, shakllari va maxsus vositalariga ta’sir qiladi.

“Boshqa ishlar prokuratura nazorati ostida bo‘ladi”, — dedi u.

Doniyor G‘aniyev javobni tushunmaganini aytib, yana so‘radi: “Agar prokuror Davlat xavfsizlik xizmati faoliyatini tashkil etishning qo‘llanilayotgan usullari, shakllari va maxsus vositalari to‘g‘risida ma’lumot olmasa, umumiy faoliyatning qonuniyligini qanday nazorat qiladi? Birinchi qismida [nazorat qilish uchun] vakolatlar berilgan, uchinchi qismida esa tanishish yoki nazorat qilish nazarda tutilmagan. Bu uchinchi qism birinchi qismga to‘sqinlik qilib qoladiku, zid bo‘lib qoladiku ikkalasi”, — dedi deputat.

Tojiyev o‘z javobini takrorlab, faoliyatni tashkil etishning Davlat xavfsizlik xizmatining yopiq qarorlari bilan belgilangan usullari, shakllari va maxsus vositalari qonun hujjatlariga muvofiq qo‘llanilishini ta’kidladi.

Qonunning 5-moddasiga ko‘ra, Davlat xavfsizlik xizmati o‘z faoliyatini davlat xavfsizligini ta’minlashning maxsus vositalari, shakllari va usullaridan foydalangan holda amalga oshiradigan maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Qonun uchinchi o‘qishda qabul qilindi, bu safar bir deputat betaraf qoldi.