Butun dunyo bo‘ylab parranda grippi tarqalishini kuzatayotgan olimlar kuzatuv tizimlaridagi bo‘shliqlar ularni yangi pandemiyani aniqlashdan bir necha qadam ortda qoldirayotganidan xavotirda. Bu haqda o‘ndan ortiq yetakchi ekspertlar Reuters agentligiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Ularning ko‘pchiligi 2020-yildan beri ko‘chmanchi qushlarda H5N1 parranda grippining yangi kichik turini kuzatmoqda. “Virusning AQShning 12 shtatidagi 129 ta sog‘in sigirlar orasida tarqalishi uning odamlarga yuqishini yaqinlashtirishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlardan darak beradi”, — deyiladi materialda. Infeksiya boshqa sutemizuvchilarda ham topilgan — alpakalardan tortib uy mushuklarigacha.

“Bu sekinlik bilan rivojlanayotgan pandemiyaga o‘xshaydi… Hozirda tahdid juda past… Lekin hamma narsa bir zumda o‘zgarib ketishi mumkin”, — dedi Pensilvaniya universiteti (AQSh) mikrobiologiya professori Skott Hensli.

Virusning odamlarga tarqalishi haqida qanchalik tez ogohlantirilsa, global sog‘liqni saqlash rasmiylari vaksina ishlab chiqish, keng ko‘lamli sinovlar va oldini olish harakatlari orqali aholini himoya qilish uchun choralarni shunchalik tezroq boshlashlari mumkin.

AQShda hozirda sog‘in sigirlar ustidan federal nazorat podalarni shtat chegaralarini kesib o‘tishdan oldin tekshirish bilangina cheklangan. Shtat darajasida test o‘tkazish odatiy hol emas, kasal chorva mollari bilan aloqaga kirishgan odamlarni tekshirish esa cheklangan, dedi davlat rasmiylari va gripp bo‘yicha mutaxassislar agentlikka.

Ba’zi ekspertlar Reuters`ga agentliklarning hayvonlar va insonlar salomatligi bo‘yicha turli yondashuvlari tezroq javob berishga to‘sqinlik qilishi mumkinligini aytdi.

Mart oyining oxiridan beri AQShda parranda grippining sigirlardan odamlarga yuqishi bilan bog‘liq uchta holat qayd etildi, ularda yengil alomatlar aniqlandi. Aprel oyida Meksikada virus shtammlaridan biri bilan kasallangan odam vafot etgandi, uning hayvonlar bilan aloqasi haqida ma’lumot berilmagan. Hindiston, Xitoy va Avstraliyada ham turli shtammlar keltirib chiqaradigan infeksiya holatlari qayd etilgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) H5N1`ning odamdan odamga yuqish xavfini past deb hisoblamoqda, ammo parranda grippining sutemizuvchilar, jumladan, odamlar orasida tarqalishi sog‘liqni saqlashda jiddiy muammo ekanini tan oldi.

Vaziyat o‘zgarsa, infeksiyani ushlab turish uchun ba’zi vositalar, jumladan, H5N1 vaksinasi va virusga qarshi dorilarning cheklangan miqdori mavjud, deya ta’kidlamoqda Reuters.

Ayrim davlatlar aholini H5N1`dan himoya qilish choralarini ko‘rmoqda, deb yozdi agentlik. AQSh va Yevropada yuqori xavf guruhlari, shu jumladan, fermer va laboratoriya xodimlari uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan “pandemiyadan oldingi” grippga qarshi vaksina dozalari zahiralangan. Finlyandiya iyul oyidan boshlab hayvonlar bilan kontaktga kirishuvchi ayrim ishchilarni profilaktik emlashni boshlaydi. Bu aholisini parranda grippiga qarshi emlaydigan dunyodagi birinchi davlat bo‘ladi.