Tojikistonning Varzob tumanida Nexia 2 avtomobili yuk mashinasi bilan to‘qnashishi oqibatida 3 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, holat 2-iyul kuni soat 13:00 da Dushanbe-Varzob-Xo‘jand avtomobil yo‘lining 50-kilometrida sodir bo‘lgan. Xo‘janddan Dushanbega tomon harakatlanayotgan Nexia 2 avtomobili “KamAZ” yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgan.

Hodisa oqibatida o‘zbekistonliklar — avtomashina haydovchisi va ikki nafar yo‘lovchisi (bir erkak va bir ayol) voqea joyida halok bo‘lgan. Haydovchi farg‘onalik 60 yoshli N.B. bo‘lgan, boshqa qurbonlarning shaxsi aniqlanmoqda.

“Holat yuzasidan O‘zbekiston FVVga ma’lumot yuborildi. Voqea oqibatlarini bartaraf etish uchun voqea joyiga qutqaruvchilarning navbatchi guruhi jo‘natildi”, — deyiladi xabarda.