1-iyul kuni soat 19:20 atrofida Navoiy viloyati Xatirchi tumanida 8 yoshli qiz yo‘l transport hodisasi oqibatida halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”ga viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot kotibi Zoir Yo‘ldoshev.

Qayd etilishicha, holat tumandan o‘tgan 4R48 avtomobil yo‘lda sodir bo‘lgan. BYD Song Plus Champion avtomashinasi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan 2-sinf o‘quvchisini urib yuborgan.

Tarmoqlarda tarqalgan videoda yuqori tezlikda harakatlanayotgan 2 ta avtomobil piyodalar o‘tish joyiga yaqinlashib, fuqarolar o‘tayotganini ko‘rgan bo‘lsa-da, tezlikni pasaytirmagani va ularga yo‘l bermaganini ko‘rish mumkin. Oldindagi mashina o‘tib ketgan, uning tez harakati ta’sirida qiz yiqilib tushgan va shu paytda orqadan 135−140 km/soat tezlikda kelayotgan BYD Song Plus Champion uni bosib ketgan.

Hodisa oqibatida qiz olgan tan jarohati sabab voqea joyida vafot etgan.

Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksning 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi taqdim qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilning yanvar-may oylarida jami 359 nafar o‘quvchi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Ularda 65 nafar o‘quvchi halok bo‘lgan, 294 nafar o‘quvchi turli darajada tan jarohatlari olgan.