Farg‘ona viloyati Quva tumanida 8-iyul kuni yuz bergan yo‘l-transport hodisasida haydovchilardan biri halok bo‘ldi, deb xabar beradi viloyat YHXB axborot xizmati.
YTH soat 10:30 atrofida Soyguzar mahallasi hududidan o‘tgan 4P-112 avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. Lacetti haydovchisi R.O. (1999-yilda tug‘ilgan) harakat payti boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘lakka chiqib ketgan. Qarshisidan kelayotgan A.X. (1988-yilda tug‘ilgan) boshqaruvidagi VAZ-2101 avtomobili bilan to‘qnashgan.
Oqibatda “Jiguli” haydovchisi og‘ir jarohatlar bilan voqea joyida halok bo‘lgan. Shu mashinadagi yo‘lovchi va Lacetti haydovchisi esa shifoxonaga yotqizilgan.