1-iyul kuni Navoiy viloyati Xatirchi tumanida yuqori tezlikdagi BYD Song Plus Champion mashinasi bosib ketgan 8 yoshli qiz halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati holat ortidan 2 nafar haydovchi qamoqqa olinganini va ishning boshqa tafsilotlarini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, o‘sha kuni fuqaro N.A. BYD Song avtomobilini boshqarib borayotib o‘ziga tanish bo‘lmagan fuqaro F.A. boshqaruvidagi BYD Song avtomobili bilan o‘zaro quvishishgan. Yo‘lning tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyiga yetishganida uni kesib o‘tayotgan piyoda — 8 yoshli Sh. Sh.ni, dastlab, fuqaro N.A. boshqaruvidagi avtomobil bilan turtib o‘tgan. So‘ngra F.A. avtomobili bilan bosib o‘tgan.

YHXXning qo‘shimcha qilishicha, voqea sodir bo‘lgan kundan oldin qizning onasi M.Sh. tumanning Yangirabod mahallasida yashovchi bobosinikiga kelib, o‘zi Toshkent shahriga ishlash uchun ketgan. Bobo hamda buvi 14 yoshli o‘g‘liga qizaloqni istirohat bog‘iga sayrga olib borib kelishiga ruxsat bergan.

Holatga ko‘ra, bola avval o‘zi piyodalar o‘tish joyidan o‘tgan va biroz ortda qolgan, hali o‘tishga ulgurmagan qizni chaqirgan. Qiz transport vositalarining harakatiga e’tibor bermasdan, piyodalar o‘tish joyiga yugurib chiqqan va ko‘ngilsiz hodisa sodir bo‘lgan.

Oqibatda 2-sinf o‘quvchisi bo‘lgan qiz tan jarohatlari sababli hodisa joyida vafot etgan. O‘sha kuni holat yuzasidan haydovchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ular 4-iyul kuni ushlanib, 5-iyulda qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Ta’kidlanishicha, haydovchi N.A. so‘nggi bir yil davomida 12 marotaba tezlikni oshirish, 1 marotaba yo‘l chizig‘i talablariga rioya qilmaslik qoidabuzarliklarini sodir etgan. Haydovchi F.A. esa so‘nggi bir yil davomida bir marotaba transport vositasini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxsga topshirish qoidabuzarligini sodir etgan.

“Halokat sodir bo‘lgan tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida tegishli yo‘l belgilari o‘rnatilgan va yo‘l yotiq chiziqlari chizilgan. Yo‘l qoplamasi o‘sha vaqtda quruq holatda, kunning yorug‘ vaqti bo‘lgan”, — deyiladi xabarda.

Mazkur piyodalar o‘tish joyida tuman Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan tugmali svetofor qurilmasini o‘rnatish dasturga 2024-yil I chorak yakuniga qadar kiritilgan. Biroq mablag‘ ajratilmagani sababli hozirgacha o‘rnatilmagan.

Muassasa direktori nomiga Navoiy viloyati YHXB tomonidan 2024-yilda 2 marotaba tugmali svetofor o‘rnatish yuzasidan taqdimnomalar kiritilgan. Taqdimnoma talablari bajarilmagani uchun Xatirchi tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi rahbariga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 196-moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

“Gazeta.uz” yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yondashuvlarni tubdan qayta ko‘rib chiqish zarurligi hamda yo‘llarda yuqori o‘lim va jarohatlar ko‘rsatkichi uchun mas’uliyat haqida bir necha bor yozgan. Ko‘plab bayonotlar, qarorlar va yo‘l xaritalariga qaramay, vaziyat nafaqat og‘irligicha qolmoqda, balki yomonlashishda davom etmoqda.

Yaqinda Senatda yilning dastlabki besh oyida yo‘l-transport hodisalari oqibatida 65 nafar maktab o‘quvchisi halok bo‘lgani, 294 nafari jarohatlangani haqida ma’lum qilindi. 2023-yilda yo‘llarda 263 nafar bola halok bo‘lgan, 1568 nafari jarohatlangan.

Na mamlakat miqyosida, na shaharlar, tumanlar, ko‘chalar va mahallalar kesimida fojianing to‘liq manzarasini ko‘rishning imkoni yo‘q — rasmiylar tomonidan e’lon qilinayotgan statistika uzuq-yuluq, tartibsiz va yetarli darajada to‘liq emas. Avariyalarda haydovchilik madaniyati, piyodalar, bolalar va ularga e’tibor bermagan ota-onalarni ayblashda davom etilmoqda, vaholanki, ko‘chalarni noto‘g‘ri loyihalash, yo‘l belgilari bilan savodsizlarcha yondashuv, yo‘l harakati qoidalari va nazoratning zaifligi uchun javobgarlik tan olinmay kelinyapti.

Harakat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha “samarali” ishlarga bir misol. 2022-yil 1-maydan yangilangan YHQga ko‘ra, avtomobillarning old o‘rindiqlari yo‘lovchilari xavfsizlik kamarlarini taqishlari shart. Biroq ushbu talabga rioya etmaganlik uchun jarima hali ham belgilanmagan, shuning uchun unga rioya qilinmaydi.