Andijon shahrida 8-iyul kuni bolalar ishtirokida navbatdagi yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.
Viloyat YHXBning yozishicha, YTH O‘zbekiston ko‘chasidagi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida yuz bergan. Cobalt haydovchisi (1999-yilda tug‘ilgan) yo‘lni kesib o‘tayotgan voyaga yetmagan piyodani (2014-yilda tug‘ilgan) urib yuborgan.
Jabrlanuvchi jarohatlar bilan shahar shifoxonasiga yotqizilgan.
Holat yuzasidan dastlabki surishtiruv ishlari boshlandi.
Bundan avval Samarqandda Nexia 2022-yilgi SHHT sammiti oldidan kengaytirilgan yo‘ldan o‘tayotgan 7 yoshli bolani urib yuborgani, Navoiyda yuqori tezlikdagi BYD Song Plus Champion mashinasi piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan 2-sinf o‘quvchisini bosib ketgani haqida yozgandik. Ikkala holatda ham bolalar halok bo‘lgan.
Yaqinda Senatda yilning dastlabki besh oyida yo‘l-transport hodisalari oqibatida 65 nafar maktab o‘quvchisi halok bo‘lgani, 294 nafari jarohatlangani haqida ma’lum qilindi. 2023-yilda yo‘llarda 263 nafar bola halok bo‘lgan, 1568 nafari jarohatlangan.