Toshkent shahri Sergeli tumanida 3 ta avtomashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgani xabar qilingandi. Hodisa oqibatida bir kishi vafot etdi, deya ma’lum qilmoqda Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, 43 yoshli D.U. (ayol) boshqaruvida bo‘lgan Spark fuqaro I.M. (erkak) boshqaruvidagi Honda va fuqaro A.A. (erkak) boshqaruvidagi Spark bilan to‘qnashgan. Tarmoqlarda tarqalgan videolarda Spark`ning beton to‘siq ustidan qarama-qarshi yo‘nalishga uchib chiqib ketgani va mashinalarga borib urilganini ko‘rish mumkin.

YTH oqibatida birinchi Spark avtomashinasida bo‘lgan 33 yoshli ayol S.X. shifokorlarning say-harakatlariga qaramasdan vafot etgan. O‘sha mashina haydovchisi va 22 yoshli Honda yo‘lovchisi tan jarohat olib shifoxonaga yotqizilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda, deyiladi xabarda.