Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xodimlari viloyatlarda korrupsiya bilan bog‘liq noqonuniy holatlarni aniqladi.

Sirdaryo viloyati Guliston shahrida elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i ushbu korxonada muhandis bo‘lgan vaqtida savdogar tadbirkorning elektr energiyasidan 202 mln 500 ming so‘mlik qarzdorligini tanishlari orqali hisobdan chiqartirib berish evaziga 90 mln so‘m talab qilgan. U 2023-yilda tadbirkordan jami 78 mln so‘m olgan, ammo qarzdorlikni bazadan o‘chirtira olmasdan, barcha olgan pullaridan dastlabki 3 mln so‘mni uchinchi shaxs orqali qaytarib bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi xususiy korxona rahbari o‘zining mansabdor tanishlari orqali Namangan shahri Davlatobod tumanida barpo etilayotgan “Yangi Namangan shaharchasi”ni ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun Kosonsoy shahridagi suv tozalash inshootini rekonstruksiya qilish loyihasini tender savdolarida yutib berish evaziga tadbirkordan 4 mlrd so‘m talab qilgan. Tezkor tadbirda u oldindan 30 ming dollar olgan vaqtida ushlandi. Tergovga qadar tekshiruv davomida Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalik rahbari ushbu noqonuniy ishga aloqador ekani aniqlanib, u ham protsessual tartibda qo‘lga olindi.

дхх, korrupsiya

Navoiy viloyatida kuzatilgan holatda esa IIB tezkor qidiruv xizmatining kiberxavfsizlik bo‘linmasi katta tezkor xodimi Karmana tumanida yashovchi fuqaroning plastik kartasidan 62 mln so‘m pulni noqonuniy yechib olgan shaxslarni aniqlab berish evaziga 600 dollar talab qilgan. U so‘ralgan pulni olgan vaqtida qo‘lga tushdi.

дхх, korrupsiya

Sirdaryo viloyatida probatsiya nazoratida turgan, firibgarlikda ayblanib, axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan shaxs Yangiyer shahri IIB jamoat xavfsizligi xizmati probatsiya guruhi katta inspektoridan jazoni Yangiyer shahrida o‘tamaslik, Toshkent shahrida erkin tadbirkorlik faoliyatini olib borishi uchun yordam berish, yashash manzilini tekshirmaslik hamda chora ko‘rmaslikni so‘ragan. Inspektor buning evaziga Yangiyer shahridan 2 xonali uy sotib olib, uning nomiga rasmiylashtirib berishini hamda 500 dollar berishni talab qilgan.

дхх, korrupsiya

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan prokuratura va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda katta inspektor 400 dollar hamda 1 mln 260 ming so‘mni o‘z xizmat xonasida olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.