Toshkent viloyatining Bekobod tumanida naslli chorva mollarini ko‘paytirish bilan shug‘ullanuvchi ferma mansabdorlari kredit mablag‘larini talon-toroj qilganlikda gumonlanib, tergovga jalb qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tumandagi bankni chorvachilik yo‘nalishida ajratilgan kreditlarning sarfi yuzasidan tekshiruvdan o‘tkazganida ma’lum bo‘ldi.

Tadbirkor sut va sut mahsulotlari yetishtirish hamda naslli chorva mollarini ko‘paytirish bilan shug‘ullangan. U Avstriyadan 65 bosh naslli, yirik shoxli chorva mollari olib kelish maqsadida 2020-yilda bankdan 7 yil muddatga 1 mlrd 680 mln so‘m kredit olgan. Pulning 3 foizini Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi qoplab bergan. U, shuningdek, xorijdan keltirilgan chorva mollari uchun 116 mln so‘mlik subsidiya ham olgan.

Ammo ferma bankka taqdim qilingan biznes rejada ko‘rsatilgan sut mahsulotlari yetishtirish va naslli mollarni ko‘paytirish, ularni 2 avlod olgungacha saqlash bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirmagan. Buning o‘rniga 44 bosh naslli, yirik shoxli chorva mollarini naqd pulga sotib yuborgan. Buning natijasida 1 mlrd 82 mln so‘mlik kredit mablag‘lari talon-toroj qilingan.

Ajratilgan kredit mablag‘larining maqsadli sarflanishi yuzasidan bank tomonidan kerakli darajada monitoring ishlari olib borilmagan, deyiladi xabarda.

Hozirda holat yuzasidan ferma mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi hamda 192−11-moddasi (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi bilan, bank mansabdorlariga nisbatan esa 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.